Advokatlar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida «Advokatura sohasidagi islohotlarning mazmun-mohiyati, muammo va yechimlar» mavzusida ochiq muloqot o‘tkazildi.

Oflayn va onlayn rejimda o‘tkazilgan tadbirda bevosita va videokonferets-aloqa orqali qariyb 500 nafar advokat ishtirok etdi.

Adliya vaziri o‘rinbosari M.Ikromov advokatura faoliyatiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish natijasida advokatura sohasi tubdan yangilanayotganini qayd etdi. Bu orqali jismoniy va yuridik shaxslarga yuridik yordam ko‘rsatish yangi bosqichga olib chiqilmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2022 yil 30 maydagi «Advokatura faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori bilan advokatura sohasini raqamlashtirishga doir vazifalar belgilangan.

Shu asosda «Yuridik yordam» axborot tizimi ishlab chiqildi. Unda advokatlarning shaxsiy kabineti, advokatlarning elektron reyestri, «elektron advokatlik orderi»ni olish va boshqa keng imkoniyatlar yaratilgan.

Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish jarayonlari ham uchinchi shaxslar ishtirokisiz advokatni avtomatik elektron tanlash yo‘li bilan amalga oshirilishi ko‘zda tutilayotgani haqida fikrlar bildirildi.

Advokatlar palatasi raisi A.Ernazarov advokatura sohasini takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni ijobiy baholab, sohada yuzaga kelayotgan muammolar bo‘yicha to‘xtalib o‘tdi.

Muloqot davomida advokatlar sohaga oid o‘zlarini qiziqtirgan savollar, amaliyotda uchrayotgan muammolar haqida fikr-mulohazalarini va ularni bartaraf qilish bo‘yicha takliflarini bildirdi.

O‘zA