O‘zLiDeP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi tashabbusi bilan Ellikqal’a tumani madaniyat saroyida “Birgalikda ochiq jamiyat sari!” shiori ostida tadbir bo‘lib o‘tdi.

Unda O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi A.Xaitov, partiya Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi xodimlari, Xalq deputatlari tuman Kengashi deputatlari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Tuman hokimligi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, uchrashuvda so‘z olgan partiya vakillari Bosh qomusimizga kiritiladigan jamiki o‘zgarishlarning negizida O‘zbekistonda kechayotgan islohotlar mohiyatini belgilovchi “Inson qadri uchun” ulug‘vor g‘oyasi mujassam ekanini  ta’kidlashdi.

Birinchi marotaba Bosh qomusimizda har kimning O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga va xalqaro shartnomalariga muvofiq insonning huquq va erkinliklarini himoya qiluvchi xalqaro organlarga, agar davlatning huquqiy himoyaga doir barcha mavjud ichki vositalaridan foydalanib bo‘lingan bo‘lsa, murojaat etishga haqliligi mustahkamlanmoqda. Bu fuqarolarning huquq va erkinliklari himoyasi nafaqat milliy qonunchilikda belgilangan normalar, balki xalqaro huquq asosida ham himoyalanishini ta’minlaydi.

Har bir shaxsning respublika hududida erkin harakatlanish, turar va yashash joyini erkin tanlash huquqi, respublikadan tashqariga chiqish huquqi hamda O‘zbekiston fuqarolarining O‘zbekistonga moneliksiz qaytish huquqi belgilanmoqda. Endilikda mazkur konstitutsiyaviy qoida kiritilishi bilan erkin harakatlanish qadriyat darajasida oliy huquqiy norma sifatida mustahkamlanyapti.

Konstitutsiyamizga ilk marotaba fuqarolik jamiyati institutlariga bag‘ishlangan alohida bob kiritilishi va ular faoliyati kafolatlarining belgilanishi jamiyatda ochiqlik, oshkoralik va qonuniylik muhitini, davlat va jamiyat o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlash hamda kuchli jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘yish uchun mustahkam zamin hozirlaydi.

Bundan tashqari, loyihada O‘zbekiston iqtisodiyotining negizini xilma-xil shakllardagi mulk tashkil etishi, davlat bozor munosabatlarini rivojlantirish, halol raqobat uchun shart-sharoitlar yaratishi, iste’molchining huquqlari ustuvorligini hisobga olgan holda iqtisodiy faoliyat, tadbirkorlik va mehnat qilish erkinligini kafolatlashi o‘z aksini topmoqda. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasida barcha mulk shakllarining teng huquqliligi va huquqiy jihatdan himoya qilinishi ta’minlanishi ham qat’iy belgilab qo‘yilmoqda.

Tadbirda  partiya faollari, tadbirkor va  ishbilarmonlar, faxriylar, yoshlar barchani xalqimiz taqdiri va ertangi kunini belgilab beradigan tarixiy qonunga befarq bo‘lmasdan 30 aprelda bo‘lib o‘tadigan referendumda faol ishtirok etishga chaqirdilar.

Tadbir estrada xonandalarining konsert dasturi bildan davom etdi.  

Dovud ABIBULLAEV, O‘zA