28 mart kuni Dushanbe shahrida «Iqlim o‘zgarishining muzliklarga ta’siri va 2025 yil xalqaro muzliklarni saqlab qolish, deb e’lon qilinishining muhimligiga” bag‘ishlangan xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tadi, deb yozmoqda Tojikistonning “Xovar” axborot agentligi.
Konferensiya ishi ham onlayn, ham oflayn formatida tashkil etiladi. Unda mahalliy va xorijdan kelgan olimlar, ekspertlar ishtirok etishi kutilmoqda.
Konferensiyada global isish sharoitida muzliklarning erish jarayoniga baho beriladi, muzliklarni o‘rganish uchun mintaqaviy va xalqaro darajada hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari aniqlab olinadi, muzliklar ahvoli va ularni asrash hamda o‘rganish bo‘yicha ilmiy-tahliliy ma’lumotlar taqdim etiladi.
«Iqlim o‘zgarishi allaqachon sayyoramizning ko‘plab mintaqalariga, jumladan, Arktika, Antarktika va Markaziy Osiyoga o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatmoqda. Sun’iy yo‘ldosh orqali amalga oshirilayotgan hisob-kitoblarga ko‘ra, Shimoliy Muz okeanidagi muzliklar doimiy ravishda qisqarib bormoqda, ayniqsa, 2019-2021 yillarda jadal qisqargan. Markaziy Osiyo va dunyoning boshqa mintaqalaridagi tog‘larda ham muzliklar tez erimoqda. Natijada, suv tanqisligi yuzaga kelish ehtimoli paydo bo‘lmoqda. Bu esa ekotizimlarga, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishga va insonlar sog‘lig‘iga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda», — deyiladi Muzliklarni o‘rganish markazi ekspertlari.