Vengriya bir palatali parlamenti – Davlat assambleyasi dushanba kuni Finlandiyaning NATOga qabul qilinishini ma’qulladi. Bu haqda mamlakat oliy qonun chiqaruvchi idorasi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Aksar deputatlar Finlandiyaning Shimoliy Atlantika ittifoqiga qo‘shilishi uchun ovoz bergach, tegishli “qaror qabul qilindi”, deyiladi xabarda.
182 deputat ko‘rilgan masalani yoqlab, 6 nafar noib qarshi ovoz bergan. Vengriya parlamentida jami 199 deputat bor. Mamlakat Tashqi ishlar vazirligining ikki tomonlama munosabatlar bo‘yicha stat-kotibi Tamash Menser munozara chog‘ida “Finlandiya Qurolli kuchlari NATO tizimiga qo‘shilishga tayyor, bu voqea Alyansning barcha a’zolari xavfsizligi mustahkamlanishiga hissa qo‘shadi”, deya ishontirdi.
Faqat “Bizning Vatan” millatchi partiyasi fraksiyasining bir qismi qonunga qarshi chiqdi. Ushbu guruh Rossiya bilan chegaradosh davlatning NATOga qo‘shilishi “jahon urushi sari qo‘yilgan yana bir qadam bo‘lishi”ni qayd etdi. Vengriya parlamenti “Fides” hukmron partiyasi tashabbusi bilan Shvetsiyaning NATOga kirishi bo‘yicha muhokama kechiktirilishi taklifini ilgari surdi va parlament shu haqda qaror qabul qildi.
Avvalroq Viktor Orban boshchiligidagi hukumat va Vengriya Prezidenti Katalin Novak Finlandiya va Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lishini qo‘llab-quvvatlagan edilar.
O‘zA