Anqara Xelsinki boʻyicha NATOga aʼzolik masalasida berilgan vaʼdani bajarishga tayyor. Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan jurnalistlarga fin hamkasbi Sauli Niinistyoning boʻlajak tashrifi mavzusini izohlar ekan, shunday bayonot berdi.
“Anadolu” agentligi davlat rahbarining “Biz missiyani bajarishga, bergan vaʼdamiz ustidan chiqishga tayyormiz” soʻzlarini iqtibos qilib keltirgan.
“Finlandiyaning NATOga arizasi koʻrib chiqilishi qabul qilingan tartibga muvofiq davom etadi. Juma kungi muzokara chogʻida Niinistyoga vaʼdamiz bajarilishi haqida gapiraman”, deya qoʻshimcha qildi Erdogʻan.
Avvalroq Turkiya yetakchisi matbuot xizmati Finlandiya Prezidentining Anqaraga tashrifi 16-17-mart kunlariga belgilangani haqida xabar bergan edi.
Muzokarada, shuningdek, mintaqaviy va global jarayon, ikki tomonlama munosabat ham muhokama qilinishi aytilgan.
OʻzA