Qozog‘istonda 6 martdan boshlab jamoat joylarida va ijtimoiy tarmoqlarda so‘kinganlarga yangi jarima kuchga kirdi, deb yozmoqda «Kazinform» agentligi.

Jamoat joylarda so‘kinish, shuningdek, haqorat qilish, binolar va inshootlarga yomon so‘zlarni yozish  69 ming tanga miqdorida jarimaga yoki 15 kunlik qamoq jazosiga  sabab bo‘lishi mumkin.  

«Joriy yildan boshlab yengil bezorilik uchun jazo choralari kuchaytiriladi. Bu jamoat tartibini buzish holatlarining oldini olish maqsadida qilinmoqda. Masalan,  avtobusda kimdir bolalar yoki keksa avlod vakillari qarshisida so‘kinsa, unga 69 ming tenge (160 dollar) jarima ko‘zda tutiladi yoki 5 kundan to 15 kungacha qamalishi mumkin», – deydi Qozog‘iston Respublikasi ichki ishlar vazirligi ma’muriy politsiya qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Renat Zulxairov.

Har bir so‘kinish uchun politsiya xodimlari dalil to‘playdi. Bunga fuqarolarning arizasi, guvohlik berishi yoki qonun buzilishi to‘g‘risidagi video yoki audiofiksatsiyasini taqdim etishi sabab bo‘lishi mumkin, deyiladi xabarda.