Yaponiyada oltin narxi qimmatlashib, bir grammi 9 ming iyenaga (66,67 dollar) chiqdi. Yaponiyadagi qimmatbaho metallar savdosi bilan shug‘ullanuvchi yirik Tanaka Kikinzoku Kogyo kompaniyasi bugun ertalab ushbu narxni belgilagan.
Bu o‘tgan haftadagi narxdan 32 iyenaga ko‘p va Yaponiyada rekord narx hisoblanadi. Avvalgi rekord bundan ikki oy avval qayd etilgan edi. Tahlilchilarning fikricha, oltin narxining ko‘tarilishi investorlarning AQSH moliya tizimi barqarorligiga ishonchsizligini aks ettirmoqda hamda kelgusida ham “sariq metall” narxi oshib borishi mumkinligini ko‘rsatmoqda.
Dushanba kuni AQSHning Silicon Valley Bank (SVB) banki bankrot bo‘lgani haqida xabar tarqalgandan keyin Tokio birjasi kotirovkasi keskin tushishni boshladi, keyinroq esa Nyu-Yorkdagi Signature Bank ham yopilgani haqida ma’lum qilindi.
Oradan bir soat o‘tib, Yaponiyaning 225 ta yetakchi kompaniyasi aksiyalari narxini ko‘rsatib turuvchi Nikkei indeksi 500 punktga tushib ketdi.