Qozog‘iston Bosh vaziri Alixan Smailov Almatiga ishchi safari chog‘ida shaharda seysmik audit o‘tkazish va qurilishda nazorat choralarini kuchaytirish bo‘yicha ko‘rsatma berdi, deb xabar qildi hukumat matbuot xizmati.

Ma’lumki, Almati respublikaning 2 milliondan ziyod aholiga ega eng yirik megapolisi. Shahar seysmik faol zonada joylashgan.

Axborotda keltirilishicha, Bosh vazir seysmik xavfsizlik masalasiga alohida e’tibor qaratgan. Hukumat rahbarining so‘ziga ko‘ra, Turkiya va Suriyada sodir bo‘lgan fojia respublika, xususan, Almati uchun jiddiy saboq bo‘lishi kerak. Smailov shahardagi ob’ektlarni pasportlashtirish oxirgi marta 2017-2018 yillarda o‘tkazilganini eslatgan. Shu munosabat bilan Favqulodda vaziyatlar vazirligiga shahar hokimligi bilan birga qisqa vaqtda audit o‘tkazish va seysmik xavfsizlikni oshirish bo‘yicha ta’sirchan chora-tadbirlar ko‘rish topshirildi.

– Nafaqat Almati, balki zilzilaga moyil boshqa barcha hududlar ayni masalada jahon tajribasidan foydalanish zarur, – degan Bosh vazir. – Vakolatli davlat idoralari avval bekor qilingan qonunchilikni qat’iylashtirish masalasini tezkor ko‘rib chiqishi lozim.

O‘zA