Buxoroda 9-11 mart kunlari 2003-2004 yillarda tug‘ilgan yoshlar va qizlar o‘rtasida milliy kurash bo‘yicha O‘zbekiston chempionati o‘tkazilmoqda.

Chempionatda mamlakatmizning barcha viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasidan kelgan kurashchilar 16 vazn toifasida g‘oliblik uchun gilamga chiqioqda.

Chempionatning tantanali ochilish marosimida Buxoro viloyati hokimi, viloyat kurash federatsiyasi raisi Botir Zaripov, O‘zbekiston kurash federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Komil Yusupov ishtirok etdi.

Ta’kidlanishicha, 1999 yil Toshkent shahrida kurash bo‘yicha birinchi Jahon chempionati o‘tkazilgan. Unda ishtirokchilar uchta vazn toifasida bahslashgan.  Mazkur chempionatda buxoroliklar 2 ta oltin va 3 ta bronza medalini qo‘lga kiritgan. 2018 yilda bo‘lib o‘tgan Osiyo o‘yinlarida esa Ma’ruf G‘aybullayev oltin medal sohibi bo‘lgan. Nurbek To‘rayev esa bronza medaliga ega chiqqan. 2022 yilda o‘tkazilgan 11-Osiyo chempionatida Abdulaziz Hamroyev kumush medal sohibiga aylangan. Shuningdek, 13-Jahon chempionatida Buxoro sharafini munosib himoya qilib, shohsupadan joy olgan. G‘olib Sulaymonov bronza medalini qo‘lga kiritgan.

— Mazkur chempionatda yangi-yangi nomlarni kashf etamiz, deb o‘ylayman va ishtirokchilarga omad tilayman, – dedi viloyat hokimi Botir Zaripov. – Umid qilamanki, ushbu musobaqalarda g‘olib bo‘lgan sportchilar nafaqat O‘zbekiston chempionatlarida, balki jahon maydonlarida ham yurtimiz bayrog‘ini baland ko‘tarib, ona zaminimiz, diyorimiz sharafini munosib himoya qiladi.

— Mazkur chempionat taqvim rejamizdan o‘rin olgan eng nufuzli musobaqalardan biri hisoblanadi,  – deydi O‘zbekiston kurash federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Komil Yusupov. – Shu boisdan musobaqada 1000 nafarga yaqin yigit-qizlar qatnashish istagini bildirgan. Sovrinli o‘rinlardan joy olgan polvonlar terma jamoaga jalb etiladi. Yil davomida esa terma jamoamizni Jahon chempionati kutib turibdi.

Tadbirda O‘zbekiston kurash federatsiyasi tomonidan e’lon qilingan tanlovning “Yil hududiy federatsiyasi” nominatsiyasida g‘olib bo‘lgan Buxoro viloyati kurash federatsiyasiga diplom, statuetka va sovg‘alar topshirildi.

Chempionat bugun 11 mart kuni yakunlanadi.

Zarif Komilov, O‘zA