Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko davlat va harbiy xizmatchilarga davlatga xiyonat qilganlik uchun o‘lim jazosini, shuningdek, Qurolli kuchlarni obro‘sizlantirish uchun jinoiy javobgarlikni joriy qiluvchi qonunni imzoladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qonun “Ekstremistik (terrorchilik) va davlatga qarshi jinoyatlarga qarshi kurashishni kuchaytirish” maqsadida qabul qilingan.
“Qonunda mansabdor shaxs tomonidan davlatga xiyonat qilganlik uchun jinoiy javobgarlik davlat lavozimini egallab turgan barcha shaxslarga nisbatan qo‘llanilishi nazarda tutiladi. Shu bilan birga, mansabdor shaxs yoki harbiy xizmatchi tomonidan davlatga xiyonat qilganlik uchun o‘lim jazosini qo‘llash imkoniyatini beradi”, deyiladi xabarda.
Endilikda fuqarolar terrorizmni targ‘ib qilganlik, harbiylarni obro‘sizlantirish va “davlat sirlarini himoya qilish talablarini buzganlik” uchun ham javobgarlikka tortiladi.
Belarus – Yevropa va Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi mamlakatlari orasida o‘lim jazosi qo‘llaydigan yagona davlat.
O‘zA