Ayni paytda Toshket shahrida “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” fuqarolik jamiyati to‘rtinchi forumi bo‘lib o‘tmoqda.
Gibrid formatda o‘tayotgan yig‘ilishda ikki mintaqadan fuqarolik jamiyati vakillari, xususiy sektor va hukumat a’zolari, Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga hissa qo‘shayotgan tashkilotlar vakillaridan iborat yuzga yaqin ekspert ishtirok etmoqda.
“Global to‘siq: barqaror aloqa uchun hamkorlik o‘rnatish” mavzuiga bag‘ishlangan anjuman ochilishida Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Teri Xakala, O‘zbekiston adliya vaziri o‘rinbosari Alisher Karimov va Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Sharlotta Adrian nutq so‘zladi.
Mazkur anjuman Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo o‘rtasida muloqotni faollashtirish, hamkorlikni amaliy dastur va loyihalar bilan boyitish, mintaqalararo ochiq va samarali aloqa tizimini shakllantirish, ko‘p qirrali sheriklikni yanada chuqurlashtirishga qaratilgani ta’kidlandi.
– Ikki mintaqa davlatlari barqaror taraqqiyoti, ravnaqi va farovonligi yo‘lida “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” formatidagi ochiq, tizimli va sermahsul muloqotni hamisha olqishlaymiz, – dedi Teri Xakala. – Umuman, Markaziy Osiyo bilan hamkorlikni, ikki mintaqa manfaati uchun xizmat qiladigan yuqori darajadagi tadbirlarni muhim tashabbuslar, loyihalar bilan boyitishda davom etamiz.
Forumda Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha strategiyasi, ustuvor yo‘nalishi, fuqarolik jamiyati barqarorligi va farovonligini mustahkamlash, shuningdek, mintaqaviy hamkorlikni yanada rivojlantirishga oid dasturlar mavjudligi ma’lum qilindi.
Fuqarolik jamiyati forumi Yevropa Ittifoqining “Global to‘siq: barqaror aloqa uchun hamkorlik o‘rnatish” nomli strategiyasiga innovatsion qo‘shimchalar kiritishga bag‘ishlanadi. Ishtirokchilar, shuningdek, 2022 yil 17-18 noyabr kunlari Samarqandda bo‘lib o‘tgan “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” formatidagi tadbirlar natijasini muhokama qilishmoqda.
– Toshkentda o‘tayotgan forumning maqsadi – Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha strategiyasi doirasida fuqarolik jamiyati, ayniqsa, ayollar ehtiyoji, gender tengligi va yoshlarga alohida e’tibor qaratish maslalarini o‘rganishdan iborat, – deydi YeIning mamlakatimizdagi elchisi Sharlotta Adrian.
Tadbir davom etmoqda. Ayni paytda mintaqaviy hamkorlikka oid – “Biznes va inson huquqlari”, “Ta’lim va tadqiqot”, “Iqlim o‘zgarishi va energiya” mavzularida uchta sessiya bo‘lib o‘tmoqda.
Behruz Xudoyberdiyev,
Davron Ernazarov (foto),
Yoqub Meliboyev (video),
O‘zA