Poytaxtimiz Toshkent va Farg‘ona shahar stadionlarida 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasida o‘tkazilayotgan Osiyo kubogining chorak finalida qatnashish huquqiga ega bo‘lgan barcha terma jamoalarning nomi aniqlandi.

Kecha “D” guruhidagi so‘nggi o‘yinlar bo‘lib o‘tdi. Poytaxtimizdagi “Jar” stadionida Saudiya Arabistoni – Yaponiya uchrashuvida kunchiqar yurt vakillari 1:2 hisobida g‘alabaga erishdi va uchta uchrashuvdan 9 ochko jamg‘argan holda keyingi bosqichga yo‘l oldi.

“Lokomotiv” o‘yingohida o‘tgan Xitoy — Qirg‘iziston terma jamoalari o‘yini kutilmagan vaziyatlarga boy bo‘ldi. Birinchi bo‘limda har ikki jamoadagi ehtiyotkorlik ikkinchi bo‘limda xitoyliklar foydasiga ishladi. Ikkinchi bo‘limda qirg‘izistonlik futbolchi o‘z darvozasiga to‘p kiritdi. Shundan so‘ng qirg‘izistonlik yoshlar hisobni tenglashtirdi. Ammo bu Xitoyni keyingi bosqichga chiqish imkoniyatidan mahrum eta olmadi.

Yaponlarning Saudiya Arabistonini mag‘lub etishi ham qaysidir ma’noda Xitoy jamoasini chorak finalga chiqishiga hissa qo‘shdi.

Shu tarzda chorak finalda qatnashadigan 8 ta jamoa nomi aniqlandi.

“A” guruhidan O‘zbekiston, Iroq, “V” guruhidan Eron, Avstraliya, “S” guruhidan Janubiy Koreya, Iordaniya, “D” guruhidan Yaponiya va Xitoy chorak final chiptalariga ega bo‘ldi.

Endi futbol muxlislari chorak finalda O‘zbekiston — Avstraliya, Iroq — Eron, Yaponiya — Iordaniya, Janubiy Koreya — Xitoy jamoalari qarama-qarshiligiga guvoh bo‘lishadi.

Ushbu qit’a chempionatining to‘purarlar bahsida Yaponiya terma jamoasi futbolchisi Kumata 3 ta to‘p bilan peshqadamlik qilmoqda.

Chorak finaldagi O‘zbekiston — Avstraliya va Eron — Iroq jamoalarining uchrashuvi 11 mart kuni o‘tkazilsa, 12 mart kuni Janubiy Koreya — Xitoy va Yaponiya — Iordaniya jamoalari yarim finalga chiqish uchun kurashadi.

Ertaga, 11 mart kuni Avstraliya jamoasiga qarshi o‘yinda yosh futbolchilarimiz zafar quchsa, yarim finalda Janubiy Koreya — Xitoy “dueli”ning omadlisi bilan ro‘baro‘ keladi.

Yarim final o‘yinlari 13 mart kuni, final bahsi esa 18 mart kuni tashkil etiladi.

Aytish lozimki, chorak finaldan muvaffaqiyatli o‘tgan 4 ta jamoa g‘oliblik uchun kurashish imkoniyatini qo‘lga kiritish bilan Indoneziyada o‘tkaziladigan Jahon chempionati yo‘llanmasiga ham ega chiqadi.

 

T.Ro‘ziyev,  

O‘zA