Talabaga akademik ta’til berish tartibi bo‘yicha savollarga Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi boshqarma boshlig‘i Abduvali Xoliqov javob berdi.
Qayd etilishicha, akademik ta’til olish uchun talaba tomonidan oliy ta’lim muassasasi rektori (direktori) nomiga ariza bilan murojaat qilinadi. Arizaga akademik ta’til olish uchun sabab bo‘lgan holatni asoslovchi hujjat (talabani harbiy xizmatga chaqirish haqidagi chaqiruv qog‘ozi yoki talaba doimiy tibbiy nazoratda turgan tibbiyot muassasasi xulosasi yoxud oilasining betob a’zosi doimiy tibbiy nazoratda turgan tibbiyot muassasasi xulosasi) ilova qilinadi. Talabaning akademik ta’til olish haqidagi murojaati bir haftalik muddatda ko‘rib chiqiladi.
Shuningdek, talabaga akademik ta’til berish oliy ta’lim muassasasi rektori (direktori)ning buyrug‘i bilan rasmiylashtiriladi. Ushbu buyruqda akademik ta’tilning boshlanish va tugash sanasi ko‘rsatilishi shart.
– Talaba qay hollarda va qancha muddatga akademik ta’til olmagan holda o‘qishdan ruxsat olishi mumkin?
– Talabalarni qisqa muddatga darsdan ozod qilish muddatlari bo‘yicha normativ-huquqiy hujjat mavjud emas. Talabaning davolanishi yoki boshqa uzrli sabablarga ko‘ra qayta o‘zlashtirish sharti bilan qisqa muddatga darsdan ozod qilish bo‘yicha arizasi oliy ta’lim muassasasi tomonidan ichki tartibda ko‘rib chiqiladi.
–Talaba oilasining betob a’zosini parvarish qilish uchun akademik ta’til olmasdan turib o‘qishini onlayn tarzda davom ettirishi mumkinmi?
– Akademik ta’til beriladigan talabalar arizasiga (ixtiyoriga) ko‘ra oliy ta’lim muassasasi rektori (direktori)ning buyrug‘iga muvofiq, uning o‘qishi akademik ta’til muddatiga ta’limning sirtqi yoki masofaviy ta’lim shakliga o‘tkazilishi mumkin. Bunda oliy ta’lim muassasasida muayyan bakalavriat ta’lim yo‘nalishi (magistratura mutaxassisligi) bo‘yicha sirtqi yoki masofaviy ta’lim shakli mavjud bo‘lgan taqdirda talabaning o‘qishi arizasiga ko‘ra belgilangan muddatga ushbu ta’lim shakliga o‘tkaziladi.
Muhayyo Toshqorayeva yozib oldi.
O‘zA