Turkiyada 24 kun davomida zilzila oqibatlarini bartaraf etishda ishtirok etgan O‘zbekiston Mudofaa vazirligining malakali harbiy xizmatchilari Toshkentga qaytib keldi.

Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xabar berdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga binoan shu yilning 8 fevral kuni Mudofaa vazirligining malakali harbiy xizmatchilaridan iborat tibbiy otryadi zilzilalar oqibatlarini bartaraf etishda yordam berish hamda zilziladan jabrlanganlarga tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida Turkiya Respublikasiga jo‘nab ketgan edi.

O‘zbekistonlik harbiy xizmatchilar qariyb bir oy davomida zilzilalardan jabr ko‘rgan turk xalqiga insonparvarlik yordami ko‘rsatib, og‘ir damlarda qo‘llab-quvvatlab, ularga kamarbasta bo‘lishdi. Shu vaqt davomida ular jami 3860 nafar fuqaroga tibbiy yordam ko‘rsatdi.

Bugun, 6 mart kuni Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida Mudofaa vazirligining tibbiy otryadi xodimlarini ommaviy axborot vositalari, keng jamoatchilik vakillari, mudofaa vazirining o‘rinbosari va boshqa rasmiylar kutib oldi.

 

O‘zA