Qonun loyihasiga sharh
“Yo‘l harakati to‘g‘risida”gi qonun loyihasining mazmun-mohiyati, unda aks etayotgan yangi tartiblar bo‘yicha Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Farhod Ashmatov bilan suhbatlashdik.
— “Yo‘l harakati to‘g‘risida”gi qonun loyihasi bilan qanday yangiliklar tatbiq etilyapti? Amaldagi hujjatlarda qanaqa tartib ediyu, yangi hujjat bilan qanday o‘zgarishlar bo‘lyapti?
— 2022 yilning fevral oyida davlatimiz rahbari raisligida yo‘l harakati xavfsizligi sohasida katta videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgan edi. Unda bir qator masalalar, muammolar ko‘tarilgandi. Xususan, yo‘llarning infratuzilmasi, holati yomonligi, sohadagi huquqiy hujjatlar bugungi zamon talablariga mos kelmasligi aytildi.
Darhaqiqat, amaldagi “Yo‘l harakati xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonun bundan 9 yil oldin qabul qilingan bo‘lib, bugungi zamon talablariga mos kelmay qolgan edi. O‘tgan davrda yo‘l harakati sohasini tartibga solish borasida bir qator yangi, zamonaviy vositalar joriy etildi. Masalan, raqamli moslamalar, yangi svetoforlar, qoidabuzarliklarni aniqlovchi videokuzatuv va kamera moslamalari joriy qilindi. Ammo sohadagi hujjatlarda bularga oid me’yorlar yo‘q, qolaversa, mazkur yo‘nalishdagi huquqiy hujjatlar tarqoq edi.
Amaliyotdagi ehtiyojdan hamda yig‘ilishda Prezidentimiz bergan topshiriqlardan kelib chiqib, yangi qonun loyihasini ishlab chiqish zarurati yuzaga keldi. Shu maqsadda ishlab chiqilgan qonun loyihasi hukumat tomonidan parlament quyi palatasiga kiritildi. Muhokamalarda biz deputatlar amaldagi “Yo‘l harakati xavfsizligi to‘g‘risida”gi va “Yo‘l harakatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qonunlarni birlashtirib, yagona, unifikatsiyalashgan “Yo‘l harakati to‘g‘risida”gi qonunni qabul qildik.
Ushbu hujjatda sohani aniq tartibga solish borasida har bir jihat e’tiborga olindi. Shu paytgacha qonunchiligimizda yo‘l egasi degan tushuncha yo‘q edi. Qaysidir mahalladagi yo‘lni ta’mirlashga ehtiyoj bo‘lsa, hokimiyat “meni yo‘lim emas, yo‘l korxonasiga tegishli”, derdi, yo‘l korxonasiga borsangiz, “bu bizning balansimizda emas”, derdi.
Endilikda mazkur qonun loyihasi bilan yo‘l egasi aniq belgilandi. 3 toifadagi yo‘llarimiz bor — xalqaro darajadagi, viloyat, tuman va shahar hamda xo‘jaliklararo, ya’ni ichki yo‘llar. Ushbu yo‘llarning egasi aniq belgilab berildi. Ya’ni, xalqaro toifadagi yo‘llarga Transport vazirligi tizimidagi Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi, viloyat, tuman va shahar darajasidagi hamda ichki yo‘llarga esa mahalliy hokimliklar javobgar hisoblanadi.
Qonun bilan yo‘l egalarining huquq va majburiyatlari, ularga qo‘yiladigan talablar ham belgilab berildi. Yo‘llarni ta’mirlash, yo‘l belgilarini joylashtirish masalalarini yo‘l egalari hal etadi. Masalan, yo‘lning biror qismida ta’mirlash ishlari olib boriladigan bo‘lsa, yo‘lning o‘sha qismiga tegishli belgilarni qo‘yish, vaqtinchalik qo‘shimcha yo‘l ochish masalalari o‘z vaqtida hal etilmasa, tirbandliklar yuzaga keladi. Bu esa haydovchi va yo‘lovchilarda e’tirozlarni keltirib chiqaradi. Ana shu kabi holatlarning oldini olish maqsadida yo‘l belgilari qachon o‘rnatiladi, kim o‘rnatadi, yo‘lni ta’mirlashni kim amalga oshiradi, ta’mirlashga qo‘yiladigan talablar qanday — bu boradagi aniq me’yorlar belgilab qo‘yildi.
— Qonun loyihasini ko‘rib chiqish davomida yo‘l chetidagi reklamalarni joylashtirish masalasi juda qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lgan edi.
— Darhaqiqat, yo‘l chetidagi reklamalarning yo‘l harakatiga, haydovchilarga ta’sir qilmasligi masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Aytaylik, reklama kostruksiyalarining joylashuvi yo‘lga 50 metrdan kam bo‘lmasligi, yoritkichlari ko‘zni oladigan darajada yuqori bo‘lmasligi kabi masalalar bor. Bular esa “Reklama to‘g‘risida”gi qonun bilan bevosita bog‘liq. “Reklama to‘g‘risida”gi qonun bilan zid holatlar yuzaga kelmasligi uchun “Yo‘l harakati to‘g‘risida”gi qonun loyihasiga havolaki norma kiritildi. Ya’ni, reklama bilan bevosita bog‘liq holatlar “Reklama to‘g‘risida”gi qonun bilan tartibga solinadi. Yo‘l harakatini tashkil etishga monelik qilishi mumkin bo‘lgan tashqi reklamalar, axborot vositalari esa “Yo‘l harakati to‘g‘risida”gi qonun bilan tartibga solinishi belgilab qo‘yildi. Tegishli hujjatlarda tashqi reklamalarni qancha masofada qo‘yish, qay tartibda joylashtirish kerakligiga oid bir qancha talablar mavjud. Mana shu talablarga asosan tashqi reklamalarni tartibga solish belgilandi.
— Bu tadbirkorlik sub’ektlarining reklama bilan bog‘liq manfaatlariga zid kelmaydimi?
— Yo‘q, zid kelmaydi. Chunki reklama tadbirkorlarning faoliyatida, ularning mahsulotlarini targ‘ib qilishda muhim. Lekin talab qo‘yildiki, bunday vositalar haydovchilarning harakatiga monelik qilmasligi kerak.
Shuningdek, qonun loyihasi bilan to‘xtab turish joylariga ham aniq talablar qo‘yildi. Ma’lumki, bozorlar, yirik gipermarket, supermarketlarning oldida, yo‘l chetlarida maxsus to‘xtab turish joylari mavjud. Qonun loyihasida dastlab to‘xtab turish joylarida moddiy zarar yetkazilsa, buni to‘xtab turish joylari kafolatlaydi, degan norma bor edi. Bunga ko‘pchilik deputatlarimiz qarshi chiqdi. Masalan, bu joy egalariga bog‘liq bo‘lmagan holda avtotransport vositalariga zarar yetsa yoki o‘g‘irlik sodir etilsa, tadbirkorlik sub’ektiga ziyon bo‘lishi mumkin. Shu bois bunday to‘xtab turish joylarida kamera bo‘lishi, atrofi o‘rab olinishi kerak degan umumiy talablar qo‘yildi.
Bundan tashqari, pullik to‘xtab turish joylari ham borki, ularga pul to‘langandan keyin o‘zaro shartnomaviy holat yuzaga keladi. Shu bois pullik to‘xtab turish joylariga ham aniq talablar qo‘yildi: videokameralar bo‘lishi, kirish-chiqish joylarida barerlar joylashtirilishi, doimiy nazorat o‘rnatilishi, shuningdek, nogironligi bor shaxslar uchun qulaylik yaratish masalalari aniq belgilab berildi.
— Qonun loyihasida haydovchilik huquqiga to‘sqinlik qiluvchi kasalliklar belgilab qo‘yilgan. Aynan qanday kasalliklar haydovchilik huquqiga to‘siq bo‘ladi?
— Haydovchilik huquqiga to‘sqinlik qilishi mumkin bo‘lgan 20dan ortiq kasallik turlari mavjud. Ushbu kasallik turlaridan kelib chiqib, mutaxassislar bilan o‘rganilgan holda aniq ro‘yxat shakllantirildi va qonun loyihasiga ilova qilindi. Agar ushbu kasalliklarga chalingan yo‘l transport hodisasi ishtirokchisi bo‘lsa, tegishli yo‘l harakati xavfsizligi bo‘limlariga ma’lumot beriladi. Yo‘l harakati xavfsizligi bo‘limlari avtotransport vositasi haydovchisining kasallik tarixidan kelib chiqib, tegishli hujjatlarni sudga taqdim etadi. Ya’ni, transport vositasini umuman boshqarish mumkin bo‘lmagan kasalliklar bor yoki kasalligi bartaraf etilgunga qadar vaqtinchalik haydash mumkin bo‘lmagan xastaliklar bor. Shundan kelib chiqib, sud haydovchini umuman haydash huquqidan mahrum qilish yoki vaqtincha ruxsat bermaslik bo‘yicha qaror qabul qiladi.
Turli transport hodisalarini o‘rganib, tahlil qilib ko‘rganimizda, avtotransport haydovchisi birdan yuragi to‘xtab qolishi yoki birdaniga hayajonlanib, boshqaruvni yo‘qotishi oqibatida kimningdir mulkiga zarar yetkazishi yoki sog‘lig‘iga ziyon yetishi, nogiron bo‘lib qolishi yoxud o‘lim holatlari bilan tugagan vaziyatlar bor. Shundan kelib chiqib, kasalliklar tarixiga asosan bu borada aniq ro‘yxat ilova qilindi.
Umuman, mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi yo‘lning infratuzilmasini saqlash bo‘yicha talablarni kuchaytiradi, yo‘l egalarining mas’uliyatini oshiradi, haydovchi va yo‘lovchilarning huquqlarini ta’minlashga, turli avtohalokatlarni bartaraf etishga xizmat qiladi.
Muhtarama Komilova,
Yoqub Meliboyev (video), O‘zA