O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi “Toza ichimlik suvi” jamg‘armasi hisobidan ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv tizimlarini yaxshilash loyihalarini 2018 yilda amalga oshirilishi to‘g‘risida ma’lumot berdi.

Respublika bo‘yicha ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilish ishlari uchun Moliya vazirligi huzuridagi “Toza ichimlik suvi” jamg‘armasi uchun 584,7 mlrd. so‘m limit mablag‘lari ajratilgan bo‘lib, ushbu mablag‘lar 2017-yilga nisbatan 2-martaga ko‘pni tashkil etadi.

Moliya vazirligi huzuridagi “Toza ichimlik suvi” jamg‘armasida ko‘zda tutilgan limit mablag‘lari quyidagi yo‘nalishlarga yo‘naltiriladi:

– 2017 – 2021 yillarda ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini kompleks rivojlantirish hamda modernizatsiya qilish Dasturi doirasida suv ta’minoti va kanalizatsiya obyektlarini moliyalashtirish uchun – 504,96 mlrd. so‘m. (buyurtmachi – O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziriligi);

— qishloq joylarida namunaviy uy-joylar qurish, boshqaruv va ijro organlari rahbarlariga xizmat uylarini hamda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining xizmatchilariga xizmat uylarini qurish Dasturi doirasida ichimlik suvi ta’minoti obyektlarini qurishni moliyalashtirish uchun – 79,76 mlrd. so‘m.

Ko‘zda tutilgan mablag‘lar evaziga 2018-yilda respublika bo‘yicha 377 ta obyektlarni, 1 491,6 km. suv quvurlarini hamda 261 ta suv inshootlarini qurish va rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshiriladi. Natijada, 2018-yilda qo‘shimcha ravishda 579,5 mingaholi markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanadi.

Bugungi kunda “Toza ichimlik suvi” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 2018-yilga o‘tuvchi obyektlar uchun moliyalashtirish ochilgan.

Eslatib o‘tamiz, aholi sonining muttasil ortib borishi, yangi turar joy massivlari barpo etilishi, shaharlar va aholi punktlarining tobora kengayishi munosabati bilan suv olish inshootlarini, suv quvurlari, nasos stansiyalari, taqsimlash uzellari va vodoprovod tarmoqlarini modernizatsiyalash va ildam rivojlantirishga yo‘naltirilgan suv ta’minoti tizimini tubdan yaxshilash bo‘yicha kafolatlangan moliyalashtirish manbalarini yaratish maqsadida Moliya vazirligi huzurida “Toza ichimlik suvi” jamg‘armasi tashkil etilgan edi.

 

O’zA