Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov va AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken 2022 iyul oyida Indoneziyada “G20” tashqi ishlar vazirlari uchrashuvidan beri birinchi marta ko‘rishishdi. Bu haqda “AFP” xabar berdi.

Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarovaning so‘zlariga ko‘ra, “katta yigirmalik” davlatlari tashqi ishlar vakillarining barchasi qat’iylik bilan Lavrov bilan protokoldan tashqarida suratga tushish, qo‘l berib ko‘rishish va muloqot qilishni boshlaganlarida, Qo‘shma Shtatlar Davlat departamenti rahbari “aftidan, ojiz g‘azab bilan bor e’tiborini bir narsaga qaratdi: ularning o‘zlari biz bilan muloqot qilishni xohlamaydilar”, deb o‘ylagan.

Biroz avval Blinken Lavrov bilan qisqa suhbatlashganini, hamkasbini Ukrainadagi “adolatli va mustahkam tinchlik”ka erishish uchun hamkorlik qilishga chaqirganini ma’lum qilgan edi.

BMT Bosh kotibining rasmiy vakili Stefan Dyujarrik “BMT Rossiya va AQSH o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilishning har qanday imkoniyatini olqishlaydi”, deb ta’kidladi.

Davlat departamenti matbuot xizmati rahbari Ned Prays “ikki davlat tashqi ishlar vaziri uchrashuvida Blinken Prezident Zelenskiy taklifining 10 bandi haqida gapirgan”, deb ma’lum qildi.

Shuningdek, Oq uy Milliy xavfsizlik kengashining strategik kommunikatsiyalar bo‘yicha muvofiqlashtiruvchisi Jon Kirbi “uchrashuvda AQSH tomoni Rossiyaning Strategik hujum qurollarini qisqartirish to‘g‘risidagi shartnomadagi ishtirokini to‘xtatmaslikni so‘ragan, chunki mazkur bitim ikki mamlakat xavfsizligi uchun juda muhim”, degan.

 

O‘zA