Prezident farmoni bilan 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi tasdiqlandi.
Mazkur hujjat 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida belgilangan vazifalarga muvofiq aholining hayot darajasini yanada yuksaltirish, ta’lim sifatini ilg‘or xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish, barqaror iqtisodiy o‘sishga erishish, kambag‘allikni qisqartirish borasidagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Davlat dasturiga ko‘ra, DXM orqali ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari soni 300 taga, YAIDXP (my.gov.uz) orqali ko‘rsatiladigan xizmatlar soni esa 570 taga yetkaziladi.
2023 yil 1 iyuldan barcha davlat organlari va tashkilotlarida “Aholi va tadbirkorlarga servis sifatini oshirish” chora-tadbirlari belgilanadi.
Endi aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari – nogironligi bo‘lgan shaxslar, og‘ir bemorlar, keksalarga migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish sohasidagi davlat xizmatlari doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyiga chiqish orqali ko‘rsatilgan xizmat uchun qo‘shimcha to‘lov undirilmaydi.
Elektr, gaz va suv sarfi hisoblagichlarini qiyoslashdan o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmatlari proaktiv tarzda – fuqaro murojaatini kutmasdan, xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotning o‘z tashabbusi bilan ko‘rsatiladi.
Joriy yil 1 sentyabrdan aholi va tadbirkorlarga subsidiya ajratish bilan bog‘liq barcha xizmatlar bosqichma-bosqich “Aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga subsidiya ajratishning yagona elektron platforma”siga o‘tkaziladi.
2024 yil 1 yanvardan pensionerga hisoblangan, lekin o‘z vaqtida olinmagan pensiyani to‘lash muddati 12 oydan 24 oyga uzaytiriladi.
2023 yil 1 apreldan nogironlik idoralararo elektron ma’lumotlar almashinuvi asosida nogironlik belgilari aniq ko‘rinib turgan, anatomik nuqsonlari bo‘lgan, shuningdek, noxush klinik prognozga ega kasalliklar va asoratlarda fuqarolarning ishtirokisiz belgilanadi.
O‘zA