Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrida “O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasida diplomatik munosabatlarning 30 yilligi va Maxtumquli ijodi o‘zbek, qoraqalpoq va turkman xalqlarining do‘stlik timsoli” mavzusida madaniy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi o‘rinbosari R.Nurazizov,  Respublika turkman milliy madaniy markazi raisi G.Avezdurdiyeva, Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi bosh mutaxassisi  F.Bekov va boshqalarning so‘zlarida  davlatimiz rahbarining tashabbusi, mamlakatimizda barcha millat va elat vakillariga yaratilgan sharoitlar, ularning ona tili, urf-odati, milliy madaniyatini rivojlantirish borasidagi imkoniyatlar, yoshlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, shu jumladan, o‘zbek va turkman xalqlari o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini bundan buyon mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarga e’tibor qaratildi. Shuningdek, mashhur turkman shoiri va mutafakkiri, turkman adabiyoti, madaniyati rivojiga ulkan hissa qo‘shgan Maxtumquli ijodining turkman adabiyoti tarixidagi o‘rni, uning o‘zbek-turkman adabiy aloqalari sohasidagi ahamiyati qayd qilindi.

Ta’kidlanganidek, o‘zbek va turkman xalqlari azal-azaldan yaqin do‘st, ahil qo‘shni, strategik hamkor sifatida mushtarak maqsadlar bilan yashab kelgan. Shu sababli, ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarning ildizi uzoq tarixga borib taqaladi va o‘zaro hurmat, ishonch asosiga qurilgan.

O‘zbekistonning yaqin strategik hamkorlaridan biri – Turkmaniston bilan amalga oshirilayotgan va tobora yangi bosqichga ko‘tarilayotgan o‘zaro do‘stlik aloqalari haqida so‘z yuritish muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, ikki do‘st davlatlar o‘rtasidagi ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy sohalardagi aloqalarni yangi bosqichga ko‘tarish, hamkorlikning yangi yo‘nalishlari va istiqbollarini belgilagan holda o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish borasida tarixiy ishlar amalga oshirilmoqda.

Shu o‘rinda aytish joizki, bugungi kunda mamlakatimizda istiqomat qilayotgan 130 dan ortiq millat va elat vakillari orasida 206 ming, Qoraqalpog‘iston Respublikasida esa 105 ming nafardan ziyod turkman birodarlarimiz jonajon yurtimiz taraqqiyoti yo‘lida mehnat qilmoqda. Mamlakatimizda turkman xalqi milliy madaniyati, tili, an’analari va urf-odatlarini asrash hamda rivojlantirish maqsadida  barcha imkoniyat, shart-sharoitlar yaratilgan.

“Millatlararo munosabatlar sohasida O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosati konsepsiyasi mazmun-mohiyati va ahamiyati” hamda “Millatlararo hamjihatlik va bag‘rikenglik – taraqqiyot omili” mavzularida Qoraqalpog‘iston Respublikasida yashovchi turkmanlarning milliy bayramlari muntazam o‘tkazilib kelinmoqda. Qoraqalpog‘iston Respublikasida ta’lim turkman tilida olib boriladigan 40 ga yaqin maktab faoliyat olib bormoqda. Ularni ona tilidagi darsliklar bilan ta’minlashga e’tibor qaratilmoqda. Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida turkman filologiyasi bo‘yicha yetuk mutaxassislar, Ajiniyaz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari tayyorlanmoqda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi turkman milliy madaniy markazi qoshida “Mekan” gazetasi chop etilmoqda, “Orzu” ashula va raqs ansambli faoliyat ko‘rsatmoqda.

–Mamlakatlarimiz o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi hamda turkman mumtoz she’riyatining  atoqli vakili Maxtumquli tavalludining 300 yilligi Orolbo‘yida ham keng nishonlanmoqda, – deydi Respublika turkman milliy madaniy markazi raisi Guldana Avezdurdiyeva. – Do‘stligimiz mustahkam va abadiy bo‘lsin, mamlakatlarimiz ravnaq topib, bir-biriga doimo mustahkam hamda ishonchli sherik bo‘lib qolsin!

Madaniy-ma’rifiy tadbir doirasida mehmonlarga rus, qozoq, turkman, o‘zbek, qoraqalpoq, ukrain va koreys millatlari vakillari tomonidan tayyorlangan qo‘l hunarlari ko‘rgazmasi hamda turli millat vakillari ijrosida konsert dasturi namoyish etildi.

Dovud ABIBULLAEV, 

Maqsad HABIBULLAEV (surat), 

O‘zA