Poytaxtimizdagi “O‘zekspomarkaz“ markaziy ko‘rgazmalar majmuida «Qurilish – UzBuild 2023» 24-xalqaro ko‘rgazmasi o‘z ishini boshladi.

“Iteca Exhibitions” xalqaro ko‘rgazmalar kompaniyasi va bir qator rasmiy tashkilotlar ko‘magida tashkil etilgan ko‘rgazmada 22 davlatdan 350 kompaniya mahsulotlarini namoyish etmoqda.

Ko‘rgazma ochilishida ta’kidlanganidek, ushbu yirik qurilish sanoati namoyishi nafaqat mahalliy va xorijiy korxonalarni o‘zaro hamkorlikka chorlaydi, balki mamlakatimizda zamonaviy qurilish va pardozlash materiallari, asbob-uskunalar, «aqlli uy», «yashil texnologiyalar» kabi innovatsiyalardan foydalangan holda qurilish ishlarining sifatli bajarilishini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

“Iteca Exhibitions” xalqaro ko‘rgazmalar kompaniyasi bosh direktori Nigora Hasanovaning qayd etishicha, o‘z ko‘lami va ishtirokchilar soni bo‘yicha “UzBuild – 2023” nafaqat O‘zbekistonda, balki mintaqadagi nufuzli xalqaro tadbir hisoblanadi.

– Bu yilgi ko‘rgazma maydoni 15,000 kvadrat metrni, ya’ni jami ko‘rgazma pavilonlari va ochiq ko‘cha maydonni egallagan. Unda O‘zbekiston, Avstriya, Belarus Respublikasi, Germaniya, Daniya, Hindiston, Eron, Ispaniya, Italiya, Finlyandiya, Shveysariya kabi 22 mamlakatdan 350 kompaniya qatnashmoqda. Ko‘rgazmada mahalliy korxonalar ishtiroki 60 foizni tashkil etadi. «O‘zmetkombinat» AJ, «Ohangaronsement» AJ, «Durable Beton» MCHJ, «AKFA Group», «Toshkent metallurgiya zavodi» MCHJ kabilar shular jumlasidandir. Shuningdek, Rossiya Federatsiyasidan 88 ta, Turkiyadan 60 ta, Germaniyadan 36 ta, Xitoydan 30 ta va Italiyadan 22 ta kompaniya mahsulotlarni taqdim qilmoqda. Unda Turkiya milliy ekspozitsiyasida qurilish texnikasi va texnologiyalari sohasidagi yangiliklarni namoyish etsa, Germaniya milliy stendida qurilish mashinalari, uskunalari, materiallari va texnologiyalarining yetakchi ishlab chiqaruvchilari «MADE IN GERMANY» savdo belgisi ostida eng yaxshi ishlanmalar bilan tanishish mumkin. O‘zbekiston kompaniyalari stendlarida metall konstruksiyalar, deraza va eshiklar, loklar va bo‘yoqlar, tabiiy va sun’iy toshlar, beton va asfalt mahsulotlari, dekorativ qoplama materiallari, sendvich panellar kabi mahsulotlar namoyish etilmoqda, – dedi N. Hasanova.

Samarqand viloyatidagi “Azia metall prof” mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi qo‘shma korxonasi ham ushbu ko‘rgazmada mahsulotlarini namoyish etmoqda. Korxona rahbari Parviz Sobirovning qayd etishicha, bugungi kunda korxona mahsulotlari 12 davlatga eksport qilinmoqda.

– 850 nafar jamoadan iborat qo‘shma korxona 17 turdagi qurilish mahsulotlarini ishlab chiqaradi. Bu kabi ko‘rgazmalar biz uchun katta imkoniyat yaratadi, ya’ni mahsulotlarimizga xaridor topamiz, ishlab chiqaruvchilar bilan tanishamiz va sohadagi yangiliklarda xabardor bo‘lamiz, – dedi P.Sobirov.

Ko‘rgazmaning yana bir ishtirokchisi – Xitoyning “Yongfeng Cellulose Co., Ltd.” kompaniyasi bosh menejeri Dong Yun Li o‘zbek hamkorlari bilan uch yildan buyon birgalikda ishlayotganini alohida qayd etdi.

– Biz O‘zbekistonda uchinchi bor ko‘rgazmada qatnashyapmiz, – dedi Dong Yun Li. – Kompaniyamiz sellyuloza efirining professional ishlab chiqaruvchisi hisoblanadi. Shuningdek, u tadqiqot va ishlanmalar, ishlab chiqarish, sotish va eksport savdosini o‘zida jamlagan. 2010 yilda o‘z faoliyatini boshlagan kompaniya bugungi kunda Amerika, Hindiston, Misr, O‘zbekiston kabi davlatlarga mahsulotini eksport qilmoqda. Sellyuloza qurilish mahsulotlarini ishlab chiqarishda keng foydalaniladi. Shu sababli, bugungi ko‘rgazma o‘zbekistonlik hamkorlarimiz bilan birgalikda biznesimizni rivojlantirishga xizmat qiladi.

Ko‘rgazma doirasida Qurilish sanoati xalqaro anjumani ham bo‘lib o‘tmoqda. Unda mahalliy va xalqaro ekspertlar zamonaviy qurilish, yangi yondashuvlar, tushunchalar va xalqaro standartlar, qurilish materiallari ishlab chiqarishni rivojlantirish kabi masalalarda fikr almashmoqda.

Ko‘rgazma 3 mart kuni o‘z ishini yakunlaydi.

Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA muxbiri