Ma’lumki, O‘zbekiston iqtisodiyotining eng muhim yo‘nalishlaridan biri bu eksportdir. Buning uchun ishbilarmonlik muhitini yaxshilash va kichik biznes hamda xususiy tadbirkorlik sub’ektlarining eksport salohiyatini kengaytirish uchun qulay sharoit yaratish zarur.

Shu boisdan, so‘nggi yillarda mamlakatimiz eksport salohiyatini yanada oshirish, biznes muhitini yaxshilash, tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirayotgan tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash borasida muhim qadamlar qo‘yildi.

Sohaning qonuniy asosini mustahkamlash maqsadida 60 mingdan ortiq normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi. Buning natijasida tashqi savdo jarayonlari soddalashtirilib, eksport qiluvchi korxonalar faoliyatida qator yengilliklar yaratildi.

Xususan, davlatimiz rahbarining 2018 yil 20 dekabrdagi “Eksportga ko‘maklashish va uni rag‘batlantirishni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, Eksportni qo‘llab-quvvatlash milliy tizimi yaratildi.

Eksport qiluvchilar mahsulotini eksport bozoriga tashish bilan bog‘liq xarajatlarning 50 foizigacha qoplash uchun  kompensatsiya olishlari mumkin. Shuningdek, sug‘urta xizmatlari eksport qiluvchilar tomonidan garov sifatida foydalanilgan taqdirda sug‘urta mukofotining kompensatsiyasini olish tartibi ham joriy qilindi.

Bundan tashqari, bugungi kunda yurtimizda eksport qiluvchi korxonalarning faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlash maqsadida ularning eksport operatsiyalari bo‘yicha tashqi xarajatlarini qoplab berishga qaratilgan moliyaviy yordam turlari joriy qilingan.

Bu moliyaviy yordam turi eksportchi korxonalarning logistika xarajatlarini qisqartirish orqali narx va sifat jihatdan tashqi bozorda raqobatbardosh bo‘lishlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Yildan yilga moliyaviy yordam turlari yanada kengaytirilmoqda. 2020 yilda 68 turdagi tovarga 50 foizgacha miqdorida kompensatsiya taqdim etilgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib, 206 turdagi tovarga tashqi xarajatlarni qoplab berish bo‘yicha kompensatsiya taqdim etilmoqda. Bundan tashqari qo‘shni mamlakatlarga eksport qilinayotgan 85 turdagi tovarlarga ham transport xarajatlarini qoplab berish bo‘yicha ham moliyaviy yordam ko‘rsatib kelinmoqda.

Prezidentimizning 2020 yil 21 oktyabrdagi “Eksport faoliyatini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashni yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni mamlakatimizda eksportni rag‘batlantirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlarning mantiqiy davomi bo‘ldi.

Ushbu hujjat eksport qiluvchilar uchun qator qo‘shimcha imtiyozlarni nazarda tutadi. Xususan, Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tomonidan korxonalarga beriladigan kafolatlar bo‘yicha yangi imtiyozlar tasdiqlandi.

Mazkur hujjat qabul qilingunga qadar tijorat banklarining eksport oldi kredit bo‘yicha foiz xarajatlarini qoplash uchun kompensatsiya faqat ishlab chiqaruvchi eksportchilarga berilgan. Mazkur farmon bilan yirik imtiyoz asosiy faoliyati savdo vositachiligi bo‘lgan eksport qiluvchilarga ham joriy etildi.

bugungi kunda Eksportni rag‘batlantirish agentligi tomonidan 272 ta korxonaga 164 million AQSH dollar miqdorida eksport oldi kredit mablag‘lari ajratilgan. Ular tomonidan 703 million eksport amalga oshirilgan va bu hozir ham davom etmoqda.

Eksport qiluvchi korxonalar faoliyatidagi asosiy muammolardan yana biri bu aylanma mablag‘ yetishmasligidir. Joriy qilingan yangi tartib orqali yana bu borada yaratilayotgan imkoniyatlar kengaytirildi. Xususan, aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun tijorat banklardan olingan kreditlar bo‘yicha taqdim etiladigan kafolat miqdori 4 milliard so‘mdan 8 milliard so‘mgacha oshirildi.

Prezidentimizning 2020 yil 31 oktyabrdagi “Eksport faoliyatini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashni yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan eksportchi korxonalarning mablag‘ga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida hamda ularni eksport majburiyatlarini bajarishda ko‘maklashish maqsadida aylanma mablag‘larini ta’minlash bo‘yicha moddiy yordam ko‘rsatish tizimi joriy qilingan.

Ushbu turdagi moliyaviy yordamdan ko‘zlagan asosiy maqsad eksportchi korxonalarni xaridorlar oldidagi majburiyatlarini o‘z vaqtida to‘liq bajarish, bundan tashqari sifatli va raqobatbardosh tovarlarni ishlab chiqarishdir. Shuningdek, yangi turdagi tovarlar bilan tashqi bozordagi yangi xaridorlar topish va eksport geografiyasini kengaytirish ko‘zda tutilgan.

Davlatimiz rahbarining 2022 yil 30 sentyabrdagi “Tadbirkorlik sub’ektlarining eksport salohiyatini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni asosida “Yangi O‘zbekiston – raqobatbardosh mahsulotlar yurti” dasturi amalga oshirilmoqda. Mazkur dastur doirasida 200 ta eksportchi korxonani saralab, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash orqali yetakchi eksportchi korxonaga aylantirish vazifasi belgilangan edi. Mazkur dasturni uch bosqichda amalga oshirish belgilangan. Ya’ni, birinchi bosqichda 2022 yil yakuniga qadar 50 yetakchi eksportchi korxonalar saralab olindi. 2023 yil boshida esa ular soni 100 taga yetkazildi. 2023 yil 1 iyuldan esa bosqichma-bosqich ular soni 200 taga yetkaziladi. bugungi kunga qadar dasturga qaratilgan 100ta eksportchi korxonalarning 36 tasiga 71 milliard so‘mlik QQS tezlashtirilgan tartibda 7 kun ichida qaytarib berildi.

Bundan tashqari 20 tasiga eksport oldi moliyalashtirish maqsadida 17,3 million dollarlik moliyaviy resurslar ajratildi. Shu bilan birga mazkur eksportchi korxonalarda xalqaro sertifikat va standartlarni joriy etish uchun 30 ming dollargacha bo‘lgan qiymatda Eksportni rag‘batlantirish agentligidan moliyaviy yordam olish imkoniyati mavjud. Yil boshidan bugungi kunga qadar 100 ta eksportchi korxona tomonidan 120 million dollarlik eksport amalga oshirilgan.

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar institutining ma’lum qilishicha, 2017–2022 yillar mobaynida mamlakatimizning eksport geografiyasi 16 ta mamlakatga kengayib, bugungi kunda mahsulotlarimiz 117 ta mamlakatga yetib bormoqda. Tovar nomenklaturasida 2017 yildagi 179 xil mahsulot turi 2022 yilga kelib 200 dan ortdi.

Shuningdek, paxta tolasi eksportidan voz kechilib, uning o‘rniga paxtadan tayyorlangan qo‘shilgan qiymati yuqori tovarlar eksporti yo‘lga qo‘yildi. Jumladan, umumiy qiymati 1 613,5 million AQSH dollariga teng bo‘lgan paxtadan yigirilgan ip, 644,9 million dollarlik tayyor trikotaj va to‘qimachilik mahsulotlari, 242,8 million dollarlik naqshli mato, 131,6 million dollarlik gazlamalar, 78,1 million dollarlik ipak va ipak mahsulotlari, 42,1 million dollarlik gilam mahsulotlari eksport qilindi.

O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan yorliqdagi milliy mahsulotlarimiz xorijiy bozorda munosib joy egallamoqda.

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA