Rossiya Janubiy Kavkazda “ziyon yetkazma” tamoyiliga amal qiladi, ammo mintaqadagi barcha tomonlar bunday yondashuvni qo‘llamayapti. Bu haqda Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Bokuda ozarbayjonlik hamkasbi Jeyxun Bayramov bilan muzokara yakuni bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida gapirdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, “hamma davlatlar ham, birinchi navbatda, Janubiy Kavkazdan uzoqdagilar bir xil tamoyilga amal qilmayapti”.

Shu bilan birga Rossiya TIV rahbari Yevropa Ittifoqini Ozarbayjon va Armaniston bilan munosabatni suiste’mol qilishda aybladi.

“YeI Armaniston hududida missiya joylashtirmoqchi, bu qonuniylik nuqtai nazaridan ancha shubhali”, dedi u. Lavrov Moskva Rossiya, Ozarbayjon va Armaniston TIV rahbarlari uchrashuvini o‘tkazishga tayyorligini ta’kidladi.

O‘z navbatida Bayramov “Ozarbayjon muzokara olib borishga doim tayyor”ligini ma’lum qildi.

“Armaniston tomoni muzokara mohiyatidan chalg‘itish uchun to‘siq qo‘ymoqda, oxirgi paytda arman tomoni ko‘rishishdan bosh tortyapti”, dedi vazir.

Bayramov ta’kidlashicha, “hozir amalda onlayn tarzida muzokara o‘tkazilmoqda, Armaniston muloqot maydoniga qancha tez qaytsa, shuncha tez natijaga erishamiz”.

O‘zA