Qatar davlat rasmiy internet sahifasi (Amiri divan), Qatar Axborot agentligi – QNA va boshqa ko‘plab nashrlar O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Sardor Umurzoqov va Qatar amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy uchrashuvi haqida maqolalar e’lon qildi.

Xabarlarda Umurzoqov Qatar amiriga Prezident Shavkat Mirziyoyevning maktubini yetkazgani, nomada ikki tomonlama munosabatni yanada mustahkamlash va rivojlantirish istiqboli haqida so‘z boradi.

Shuningdek, arab OAVda Qatar Palatasi birinchi vitse-prezidenti Muhammad bin Ahmad bin Tavor Al-Kuvariy mamlakatimiz investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov bilan uchrashganiga e’tibor qaratgan.

Muloqot davomida savdo ayirboshlash miqdorini oshirish va keyingi bosqichda qo‘shma sanoat va sarmoyaviy sheriklikni kengaytirish yo‘llari tahlil qilingan, mavjud investitsiya muhiti hamda Qatar tadbirkorlari bilan hamkorlik uchun mavjud imkoniyat ko‘rib chiqilgani urg‘ulangan.

Kelgusida qatarlik ishbilarmonlarni diyorimizga tashrifi, konchilik, infratuzilma, qishloq xo‘jaligi, qayta tiklanadigan energiya manbalari, neft-gaz va boshqa sohalardagi sarmoyaviy imkoniyat ko‘rib chiqilgani ham ta’kidlangan. Qo‘shma ishbilarmonlar kengashini tuzish imkoniyati muhokama qilinib, Qatar – O‘zbekiston biznes-forumini tashkil etish zarurligi ma’qullangan.

 

Muharrama Pirmatova,

O‘zA