Ayni paytda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisi bo‘lib o‘tmoqda. Majlisda ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqilayotgan «Tuproqni muhofaza qilish va uning unumdorligini oshirish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

Qonun loyihasi bo‘yicha deputat Dilorom Imomova ma’ruza qilib, uni ikkinchi o‘qishga tayyorlash davomidagi o‘zgarish va qo‘shimchalar xususida ma’lumot berdi.

Ta’kidlanganidek, qonun loyihasida tuproq unumdorligini oshirish va muhofaza qilish, tuproqlarning holatini yaxshilash, unumdorligini saqlash, mas’ul vazirlik va idoralarning vakolatlari, yerlarni rekultivatsiya qilish, tuproq holati va sifatiga ta’sir qiluvchi loyihalar, vositalar va texnologiyalarni davlat ekspertizasidan o‘tkazish masalalari o‘z aksini topmoqda.

Deputatlar qonun loyihasidagi xalqaro shartnomaga oid normani har tomonlama muhokama qilishmoqda. Xalq vakillari ta’kidlaganidek, yer – bebaho ne’mat. Uning unumdorligini saqlash muhim masala. Ammo tuproq unumdorligi buzilsa, 50 yilda qayta tiklanadi. Xorijiy investorlar kelib, yerdan 2-3 yil davomida maksimal darajada foydalanishi oqibatida 30-40 yil davomida ham tuproq unumdorligi qayta tiklanmasligi mumkin. Boisi yuqori foyda olish maqsadida pestitsidlar, turli kimyoviy moddalardan foydalanilishi evaziga tuproq unumdorligi yomonlashib ketadi.

Shu bois ayrim deputatlar xalqaro shartnomaga oid normani mustahkamlash tarafdori.

 

M.Komilova,  

O‘zA