Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi yig‘ilishida ko‘rib chiqilgan “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi xotin-qizlar va bolalarning tazyiq hamda zo‘ravonlikka uchrashining oldini olishda muhim o‘rin tutadi.

Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, bugungi kunda xotin-qizlar va bolalarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish borasida huquqni qo‘llash amaliyotida ko‘plab muammolar yuzaga kelmoqda. Jumladan, xotin-qizlar va bolalarning huquqlariga daxl qiluvchi jinoiy qilmishlar uchun mutanosib sanksiyalar, shaxs hayotining sir tutiladigan tomonlarini aks ettiruvchi, sha’ni va nomusini kamsituvchi ma’lumotlarni oshkor qilganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanmagan. Qonunchilikda ayollarni ish va o‘qish joyida tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish bo‘yicha kafolatlar mavjud emas.

— Turli tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchiga davlat himoyasini taqdim etuvchi order muddati (30 kun) xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini yetarli darajada himoya qilish imkonini bermayapti, — deydi deputat Muxtabar Husanova. — Aliment to‘lolmagan shaxslarga jazo sifatida jarima tayinlanishi yanada moddiy qiyinchiliklarga olib kelmoqda. Ushbu qonun loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi, Mehnat va Oila kodekslariga, “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi va “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida” qonunlarga va boshqa bir qator qonun hujjatlariga muhim o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Xususan, Jinoyat kodeksida ayolni o‘z homilasini sun’iy ravishda tushirishga majburlash, nomusga tegish, 16 yoshga to‘lmaganga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish kabi jinoyatlar uchun jazo choralari og‘irlashtirilmoqda.

Fraksiya a’zolari partiya saylovoldi dasturida xotin-qizlarning muammolarini o‘z vaqtida aniqlash, yordamga muhtoj bo‘lgan va og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash ustuvor vazifa sifatida belgilanganini ta’kidlab, bu boradagi masalalar doimiy e’tiborda bo‘lishini qayd etdi. Shu bois partiya maqsad-vazifalaridan kelib chiqib, qonun loyihasini yanada takomillashtirish, uni pishiq-puxta holatga keltirish bo‘yicha bir qator takliflar o‘rtaga tashlandi.

Shuningdek, mazkur qonun loyihasi Qonunchilik palatasidagi «Adolat» SDP fraksiyasi yig‘ilishida ham qizg‘in muhokama qilindi.

 

M.Komilova,

O‘zA