FOTOREPORTAJ

Qoraqalpog‘iston Respublikasining Chimboy tumanida o‘tov, ya’ni, “qora uy” yasovchi usta-hunarmandlar ko‘p bo‘lgan. Azamat Turekeyev ana shunday usta-hunarmandlarning uchinchi avlod vakili.

Azaliy an’analarni davom ettirish,  rivojlantirishni oliy maqsadi, deb bilgan hunarmand  “Ustoz-shogird” maktabini takomillashtirib, o‘z hunari sir-asrorlarini yoshlarga o‘rgatmoqda.

Azamat Turekeyev Prezident sovrini uchun o‘tkazilgan “Tashabbus” ko‘rik-tanlovining Qoraqalpog‘iston Respublikasi va mamlakat bosqichlarida bir necha bor sovrindor hamda nominatsiyalar g‘olibi bo‘lgan. Shuningdek, yurtimiz hamda xorijiy davlatlarda o‘tkazilayotgan nufuzli ko‘rgazma va festivallarda o‘z mahoratini namoyish etib kelmoqda.

Usta Orolbo‘yi hududida hunarmandchilik ustaxonasi, uy-mehmonxona va muzey tashkil etgan. Hududning turistik salohiyatini oshirish maqsadida tashkil etilgan ustaxonada sayyohlar “qora uy”ning yasalish jarayoni bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega. Muzeyda qoraqalpoq xalq tarixi, madaniyati va san’ati, hunarmandchilik namunalariga oid 200 dan ortiq eksponat joy olgan.


Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA