Xalqaro boks assotsiatsiyasi joriy yilning 15-26 mart kunlari Hindistonda ayollar o‘rtasida o‘tkaziladigan jahon chempionati mukofot jamg‘armasini e’lon qildi.
Unga ko‘ra, musobaqaning umumiy mukofot jamg‘armasi 2,4 million dollar etib belgilangan bo‘lib, 12 vaznning har birida oltin medal sohibasi bo‘lganlar 100 ming dollar, kumush medalga sazovor bo‘lganlar 50 ming dollar va bronza medalini qo‘lga kiritgan bokschi qizlar 25 ming dollar miqdoridagi mablag‘ bilan taqdirlanadi.
Tashkiliy qo‘mita ma’lumotida keltirilishicha, mazkur jahon chempionatida 77 mamlakatdan vakillar qatnashish uchun dastlabki talabnomalarni taqdim etgan.
Xalqaro boks assotsiatsiyasi ushbu chempionatda qatnashishdan bosh tortgan bir qator davlatlarning bokschilarini musobaqalarda ishtirok etishi uchun zarur bo‘lgan mablag‘ bilan ta’minlashni o‘z zimmasiga olishini ma’lum qildi.
Mazkur nufuzli musobaqada O‘zbekiston sharafini himoya qiladigan O‘zbekiston ayollar terma jamoasi ayni kunlarda Toshkent viloyatidagi «Yangiobod» o‘quv bazasida mashg‘ulotlarni olib bormoqda.
Hindistonda kechadigan jahon chempionatida aynan qaysi bokschi qizlarimiz ishtirok etishi o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari yakuniga ko‘ra e’lon qilinadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA