Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti 2016 yildan 2020 yilga qadar bir qancha hududlarda onalar o‘limi ko‘payganini qayd etdi. Millionlab ayollar hamon sifatli tibbiy yordamdan mahrum.
23 fevral kuni BMT saytida e’lon qilingan “Onalar o‘limi tendensiyalari” hisobotida dunyoda har ikki daqiqada homiladorlik yoki tug‘ruq paytida bir ayol halok bo‘lishi yozilgan. Bunday ma’lumotlar JSST va BMTning boshqa agentliklarida ham e’lon qilindi.
– 2020 yil 287 ming ayol o‘limi qayd etilgan. 2000 yildan 2015 yilgacha ekspertlar onalar o‘limini kamaytirishda sezilarli yutuqlarga erishgan. Shu bilan birga 2016-2020 yillar oralig‘ida onalar o‘limi darajasi Yevropa va Shimoliy Amerikada 17 foizga, Lotin Amerikasi va Karib havzasida esa 15 foizga oshgan, – deyiladi hisobotda.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, onalar o‘limining eng yuqori ko‘rsatkichi dunyoning eng qashshoq hududlari va qurolli mojarolar bo‘layotgan hududlarda qayd etilyapti. Masalan, 2020 yil barcha onalar o‘limining qariyb 70 foizi Sahroi Kabirdagi Afrikada sodir bo‘lgan.
JSST bosh direktori Tedros Adhanom Gebreyesus homiladorlik davri sifatli tibbiy xizmatdan foydalana olmaydigan millionlab ayollar uchun “o‘ta og‘ir va xavfli tajriba” bo‘lib qolganini ma’lum qildi.
Shundan so‘ng, yangi ma’lumotlar har bir xotin-qizga tug‘ruqdan oldin, tug‘ruq vaqtida va tug‘ruqdan keyin zarur tibbiy yordam olish imkonini beruvchi shart-sharoit yaratish kerakligini ko‘rsatadi.
Qariyb 270 million ayol oilani rejalashtirishning zamonaviy usullaridan foydalanish imkoniyatiga ega emas. BMT Barqaror rivojlanish maqsadlari 2030 yilga borib dunyoda onalar o‘limini har yuz ming tirik tug‘ilgan chaqaloqqa 70 dan kamaytirmoqchi. 2000 yilda bu ko‘rsatkich 339, 2020 yilda 223 ga yetgan.
B.Xudoyberdiyev, O‘zA