Belarus Respublikasi adliya vazirining birinchi o‘rinbosari Natalya Filippova boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga tashrif buyurdi.

Uchrashuvda adliya vaziri o‘rinbosari Alisher Karimov mehmonlarga O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, shu jumladan, norma ijodkorligi sohasidagi islohotlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berdi.

Adliya vazirligining norma ijodkorligi jarayonidagi o‘rni va faoliyati, shu jumladan, bugungi kundagi qonunchilik hujjatlari loyihalarini ishlab chiqish, ularni huquqiy ekspertizadan va korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazish hamda norma ijodkorligi sohasiga joriy etilgan «aqlli tartibga solish» modeliga alohida to‘xtalib o‘tildi.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston va Belarus Adliya vazirliklari o‘rtasida norma ijodkorligi sohasida kelgusida o‘zaro keng ko‘lamli hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.

Belarus Respublikasi delegatsiyasi tashrif davomida davlat xizmatlarini ko‘rsatish markazlarining samarali faoliyati, adliya organlari tizimida raqamlashtirish va huquqiy axborotni tarqatish borasida amalga oshirilgan ishlar bilan ham tanishib, tajriba almashishi ko‘zda tutilgan.

 

O‘zA