Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov hamda Finlyandiya hamkorlikni rivojlantirish va tashqi savdo vaziri Ville Skinnari raisligida Savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnik hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyasining 5-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda sarmoyaviy, sanoat, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalasi muhokama qilindi.

Delegatsiyalar rahbarlari o‘z chiqishlarida ustuvor tarmoqlarda ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish uchun katta salohiyat mavjudligini, ilg‘or Finlyandiya tajribasi va texnologik ishlanmalarni jalb etish muhimligi, shuningdek, ikki davlat hamkorlik sohalarida ishlarni tizimli ravishda kengaytirishni davom ettirishga tayyorligini ta’kidladi.

Tomonlar «Finnvera» «Public Sector Investment Facility» eksport-kredit agentligi (30 million dollargacha uzoq muddatli imtiyozli kreditlar ajratadi, shundan 30 foizi grantlar sifatida) va Finlyandiyaning «Finfund» sanoat kooperatsiyasi jamg‘armasining (xususiy kompaniyalarga loyihaviy va investitsiyaviy moliyalashtirishni taqdim etadi) moliyalashtirish vositalari orqali institutsional hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldi.

Yig‘ilish doirasida delegatsiyalar rahbarlarining tor doiradagi uchrashuvi ham bo‘lib o‘tdi. Muloqot chog‘ida O‘zbekiston va Finlyandiya tadbirkorlari o‘rtasida ikki mamlakatning raqobatdosh ustunliklaridan kelib chiqqan holda sarmoyaviy hamkorlik va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish bo‘yicha kelgusidagi qo‘shma harakatlarga alohida e’tibor qaratildi.

Shu nuqtai nazardan, tog‘-kon sanoati, muqobil energetika, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati, ta’lim va raqamli transformatsiya eng istiqbolli yo‘nalishlar sifatida tilga olindi.

Uchrashuv yakunida tomonlar muhokama qilingan yo‘nalishlar doirasida hamkorlikni chuqurlashtirishga o‘zaro sodiqligini bildirib, Finlyandiyaning innovatsion nou-xau va ilmiy ishlanmalarining O‘zbekiston infratuzilmasi va inson salohiyati bilan uyg‘unligi ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikning barqaror rivojlanishiga hissa qo‘shishi xususida gapirdi.

 

B.Xudoyberdiyev,  

N.Haydarov (surat),

O‘zA