Polshadagi Tabiiy va gumanitar fanlar universiteti professori, Osiyo tadqiqotlari instituti a’zosi Yeji Shukalski O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Misrga rasmiy tashrifi yakunini quyidagicha sharhladi:

– Misr Shimoliy Afrikaning o‘zini ishonchli va uzoq muddatli iqtisodiy hamkor sifatida namoyon qiluvchi rivojlangan mamlakatlaridan biridir. Boshqa tomondan, xorijiy mamlakatlar tobora O‘zbekiston nafaqat o‘z mamlakati, balki Markaziy Osiyo uchun ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya jalb etish jarayonida asosiy drayverga aylanib borayotganiga amin bo‘lmoqda. Ayni holat, avvalo, mamlakatda siyosiy va makroiqtisodiy barqarorlik, iqtisodiyot jadal o‘sishi, sarmoyaviy muhitning yuqori sifati va iqtisodiyotni diversifikatsiya qilinishi darajasi bilan izohlanadi. Bu eksportning yuqori miqdorini ta’minlaydigan keng turda mahsulot ishlab chiqarish imkonini beradi.

O‘zbekiston ham barcha rivojlangan mamlakatlar boshidan kechirgan klassik o‘zaro bog‘liqlik sxemasi ishonchli ekanini namoyish etmoqda: investitsiya oqimi yuqori texnologiyali mahsulot ishlab chiqarishni ta’minlaydi, natijada xorijiy bozorda sezilarli talab yuzaga keladi. O‘zbekiston sharoitida mazkur jarayon yengil sanoat, kiyim-kechak, mineral o‘g‘itlar, maishiy texnika, farmatsevtika mahsulotlari misolida namoyon bo‘ladi. Shu nuqtai nazardan Prezident Shavkat Mirziyoyevning Misrga tashrifi yakunlarini ikki davlat uchun ham foydali, deya baholash mumkin. Misr ham O‘zbekiston singari ikki davlat o‘rtasida iqtisodiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan manfaatdor. Bu O‘zbekiston bozorining yuqori sig‘imi bilan bog‘liq. Shuningdek, geografik joylashuvi va transport tizimi holatidan kelib chiqsak, O‘zbekiston nafaqat o‘z mintaqasida, balki butun Yevroosiyo makonida ham tranzit mamlakat sifatida jozibador hisoblanadi.

I.Abdumalikzoda tayyorladi.

O‘zA