Bugun, 23 fevral kuni Bolgariyaning Sofiya shahrida boks bo‘yicha davom etayotgan “Stranja” xalqaro turnirida “Tokio-2020” Olimpiadasi finalchilari Bahodir Jalolov va Kamshibek Kunkabayev o‘rtasidagi chorak final jangi bo‘lib o‘tadi.

Millionlab boks ixlosmandlari diqqat markazida bo‘lgan ushbu uchrashuv O‘zbekiston va Qozog‘iston boksining eng yuqori boks cho‘qqisidagi to‘qnashuv ko‘rinishini olishi bilan ahamiyatlidir.

Yana bir o‘ziga xos jihat, Jalolov – Kunkabayev o‘rtasida o‘tkaziladigan bu galgi jang garchi yarim final bo‘lsada, final darajasidagi bahsligi hamda olimpiya boksidagi 2023 yilning eng qiziqarli va shiddatli uchrashuvlaridan biri sifatida yodda qolishi shubhasiz.

Turnirning bugungi bahslarida, shuningdek, hamyurtlarimizning yana ikki nafari qo‘shni davlat charm qo‘lqop ustalari bilan jang olib boradi. 67 kilogrammda yurtimiz sharafini himoya qilayotgan Bekzod Hamidov Temirxon Tezek bilan, 86 kilogramm vaznda medallar uchun kurashayotgan Shohjahon Abdullayev esa Bekzat Tanatar bilan ro‘baro‘ keladi.

Bundan tashqari, “kichik jahon chempionati” nomi bilan mashhur turnirning bugungi dasturida terma jamoamizning 15 nafar atrofidagi a’zolari qatnashadi. Hamyurtlarimiz ishtirokidagi barcha janglar qiziqarli bo‘lishini ta’kidlagan holda jahon chempioni Mirazizbek Mirzaxalilov va filippinlik Karlo Paalam, Rio olimpiadasi g‘olibi Hasanboy Do‘smatov va Yevropa boks konfederatsiyasi sharafini himoya qilayotgan Janis Salotskix, Lazizbek Mullajonov va niderlandiyalik Rik de Nuiyer, Shodiyorjon Meliqo‘ziyev va armanistonlik Baregam Xarutyunyan, Athamjon Muhiddinov va germaniyalik Murat Yildirim, Madiyor Saidrahimov va serbiyalik Sadam Magomedov qarama-qarshiligidagi bahslar “kichik final” ko‘rinishini olishi bilan ahamiyat kasb etadi.

Eslatib o‘tamiz, Bahodir Jalolov qozog‘istonlik raqibi bilan 7 marta kuch sinashgan. Bundan olti yil muqaddam hamyurtimiz ikkita turnirda imkoniyatni Kunkabayevga taqdim etgan bo‘lsa, 2017 yili Toshkentda, 2019 yili Bangkokdagi musobaqalarda g‘alabaga erishgan. Jalolov 2019 yilgi Jahon chempionatida, 2021 yili “Tokio-2020” Olimpiadasida ham qozog‘istonlik raqibidan ustunligini yaqqol namoyon qildi. Shu tarzda bugungacha bo‘lgan janglar holatiga ko‘ra, Jalolov–Kunkabayev o‘rtasidagi hisob 5:2 ko‘rinishida yengilmas bokschimiz foydasiga hal bo‘lib turibdi.

Demak, bugun “Stranja” turnirida ular o‘rtasidagi 8-jang tashkil etilmoqda.  74-bor o‘tkazilayotgan “Stranja” xalqaro turnirining final janglari 25-26 fevral kunlari tashkil etiladi.

 

T.Ro‘ziyev,

O‘zA