AOKAda o‘tkazilgan brifingda Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi boshqarma boshlig‘i Jo‘rabek Hojiyevning ma’lum qilishicha, o‘tgan yilda jamg‘armaga xalqaro moliya institutlari tomonidan 12,9 mln. dollar va 6,5 mln. yevro mablag‘ jalb qilingan.
Xususan, Jahon bankidan 10 mln. dollar miqdorida 1-transh mablag‘lari, Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish xalqaro jamg‘armasidan 2,9 mln. dollar va Fransiya taraqqiyot agentligidan 6,5 mln. yevro jalb qilingan.
O‘tgan yil mobaynida Jamg‘armaning moliyaviy yordamlaridan foydalanib kelgan eng faol tijorat banki, hudud va soha aniqlandi.
Tahlil natijalariga ko‘ra, kafillik bo‘yicha Agrobank, kompensatsiya bo‘yicha Milliy bank moliyaviy yordamlardan eng ko‘p foydalangan. Hududlar kesimida kafillik bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, kompensatsiya bo‘yicha esa Surxondaryo viloyati yetakchilik qilmoqda. Sohalar kesimida esa xizmatlar sohasi eng yuqori ko‘rsatkichni egallab turibdi. Bunda, kafillik 400 mlrd. so‘mni, kompensatsiya qariyb 216 mlrd. so‘mni tashkil etgan. Kafillik bo‘yicha esa 1 192 mlrd. so‘m majburiyat olingan bo‘lib, jami 10 330 mlrd. so‘mga yetgan. Olingan jami kafillik majburiyati bo‘yicha 25,3 mlrd. so‘m to‘lab berilgan.
Sh.Mamaturopova, O‘zA