O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, yurtimizdagi barcha umumta’lim maktablarining 9-10-sinf o‘quvchilari o‘rtasida fan olimpiadasining Qoraqalpog‘iston Republikasi va viloyat bosqichi boshlandi.
Vazirlik tomonidan o‘quvchi-yoshlarning iste’dodi va ijodiy qobiliyatini aniqlash, ularni rag‘batlantirish, o‘g‘il-qizlarda o‘zi tanlagan fanlarlarni chuqur o‘rganishga qiziqishini oshirish, kelajakda kasbni to‘g‘ri tanlashiga ko‘maklashish maqsadida umumta’lim fanlari bo‘yicha olimpiada muntazam tashkil etiladi.
Mazkur olimpiada 22 fan bo‘yicha 3 bosqichda – maktab, tuman (shahar) va viloyat bosqichida 9-10-sinf o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkaziladi. Bu yilgi viloyat bosqichida jami 13 ming 233 nafar o‘quvchi o‘zaro bellashmoqda.
Ushbu bosqich yozma ish va test sinovi ko‘rinishida tashkil etiladi.
Barcha fanlar bo‘yicha hakamlar hay’ati tarkibiga bir nafardan hududdagi oliy ta’lim muassasasi, xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazi hamda akademik litsey va kasb-hunar kollejining tajribali o‘qituvchilari jalb etildi.
Qolaversa, olimpiada jarayonlarida jamaotchilik nazoratini tashkil etish maqsadida olimpiada o‘tayotgan sinfxonalarda auditoriya rahbari va nazoratchi bilan birga ota-onalardan vakil ham ishtirok etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, umumta’lim fanlari bo‘yicha olimpiadaning III (viloyat) bosqichida har bir fandan 76 balldan yuqori natijaga erishgan o‘quvchilar g‘oliblikni qo‘lga kiritadi. Fan olimpiadasi g‘oliblari hududiy tashkiliy qo‘mitaning faxriy yorliqlari va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanadi.