Iqtisodiyot va moliya vazirligi mobil bank ilovalari yoki to‘lov tizimlari orqali kartadan-kartaga pul o‘tkazish amaliyotida elektron hisobvaraq-faktura tuzishni majburiy bo‘lishi haqidagi yangilikni e’lon qilgan edi.
Bu tartib pul o‘tkazish uchun komissiya “0” so‘m bo‘lgan taqdirda ham majburiy qo‘llanadi. Bu shuni anglatadiki, elektron to‘lov tizimlari orqali pul o‘tkazmalari amalga oshirilganda, har bir operatsiya uchun hisobvaraq-faktura rasmiylashtirish kerak. Bu tartib P2P (“person to person” – shaxsdan shaxsga) amaliyotlari uchun qo‘llanadi. Ya’ni siz Click, Payme, Apelsin kabi to‘lov tizimlari yoki mobil bank xizmatlari orqali boshqa odamga pul o‘tkazib berganingizda shunday hisobvaraq-faktura shakllantiriladi.
Yangilikka ko‘ra, endi siz boshqa kartaga pul o‘tkazishingiz uchun hisobvaraq-faktura tuzishingiz kerak. Sodda qilib aytganda pulni nima maqsadda o‘tkazayotganingiz haqida ma’lumot berishingiz lozim. Bu hisobvaraq-fakturani elektron hujjat almashish operatorlari tuzib beradi. Bu albatta tekinga emas. Har bir elektron hisobvaraq-fakturani shakllantirish kamida 270 so‘mga tushadi. Bu esa kartadan kartaga pul o‘tkazishda yo‘q joydan ortiqcha xarajat degani.
Hisobvaraq-fakturalarni tadbirkorlik sub’ektlari, ya’ni elektron hujjat almashish operatorlari tuzib beradi. O‘zbekistonda hozirda bunday operatorlar soni 24 ta. Ulardan eng mashhurlari – Didox, E-faktura va Davlat soliq qo‘mitasining “Soliq servis” platformalaridir.
Bu esa, bank, moliya va soliq tizimidagi mutaxassislarning haqli e’tirozlariga sabab bo‘ldi. Chunki bu tizim amaliyotga joriy etilsa, kartadan kartaga pul o‘tkazishda ortiqcha xarajatlar yuzaga keladi. Bu foizlarning ko‘payishiga olib kelmaydimi?
Bunga Soliq qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Dildora Hoshimova kuyidagicha izoh berdi.
– Hozirgi davrda naqd pulsiz hisob-kitob iqtisodiyotdagi bir qancha salbiy holatlarning oldini olishga xizmat qilishi kerak, – deydi Soliq qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Dildora Hoshimova. – Masalan, mamlakat hududlarida nazorat-kassa mashinalari va hisob-kitob terminallaridan foydalanmaslik, chakana savdo va xizmat ko‘rsatish sohasidan naqd pul mablag‘lari tushishi darajasining pastligi natijasida daromadlarning katta qismi bankdan tashqari muomalaga chiqib ketayotganligi aholi va tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasida nosog‘lom muhitni vujudga keltiradi.
Shuning uchun mamlakatimizda ham naqd pulsiz hisob-kitoblar tizimini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Soliq qo‘mitasi tomonidan joriy etilgan xarid uchun keshbek va chek taqdim etilmagan yoki savdo qoidalari buzilganida mobil ilova orqali xabar berish kabi kiritilgan jamoatchilik nazorati o‘z natijalarini berib yashirin tovar aylanmalarini soyadan chiqarish va soliq tushumlarini oshirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi.
Kiritilayotgan norma jismoniy shaxslar o‘rtasidagi pul o‘tkazmalari bilan bog‘liq bo‘lib, qonunchilik normalari doirasida faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasidagi munosabatlarga taalluqli bo‘lmaydi.
Elektron hisobvaraq-fakturalarni jo‘natish xizmati qiymati Soliq qo‘mitasi bo‘linmasining hamda elektron hisobvaraq-faktura operatorlari hisoblangan tadbirkorlik sub’ektlarining ko‘rsatayotgan xizmati qiymatidan tashkil topadi.
Ko‘rsatiladigan xizmatlar qiymatini keskin pasaytirish va elektron hisobvaraq-fakturalarni jo‘natish tartibini soddalashtirish choralari ko‘rilmoqda. Bunda, elektron hisobvaraq-fakturalar operatorlari ko‘rsatiladigan xizmatlar narxini mustaqil ravishda belgilasalarda, Soliq qo‘mitasi bo‘linmasi tomonidan ko‘rsatiladigan xizmat qiymatining pasaytirilishi operatorlarga xizmat qiymatini ham pasaytirishga imkon beradi.
Soliq qo‘mitasi tomonidan jismoniy shaxslar o‘rtasida pul o‘tkazmalarini amalga oshiruvchi tashkilotlar uchun elektron hisobvaraq-fakturalarni jo‘natishda ushbu operatsiyalar bo‘yicha ko‘rsatiladigan xizmat narxini bir so‘mda belgilash bo‘yicha kompleks xizmatlarni taqdim qilishga qaratilgan tadbirlar ustida ish olib borilmoqda.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA