Moldova mudofaa sohasiga qo‘shimcha investitsiya kiritmoqchi. Shuningdek, mamlakat havo hujumiga qarshi mudofaa tizimiga ega bo‘lish uchun hamkorlar yordamidan umid qiladi. Dushanba kuni respublika parlamenti vitse-spikeri Mixay Popshoy shu haqda bayonot berdi.

– Agar havo hududimizga buzib kirilsa, umuman qarshilik ko‘rsata olmaymiz, – dedi Popshoy “Digi24” telekanali efirida chiqish qilib. – Bu o‘z fuqarolarini himoya qila olmaydigan suveren davlat uchun, yumshoqroq qilib aytganda, sharmandalikdir. Taassufki, haqiqiy ahvol shunday. Binobarin, biz xalqaro hamkorlar ko‘magidan umidvormiz. Qolaversa, mudofaaga byudjetimiz imkoniyati darajasida yangi investitsiya jalb qilamiz.

Avvalroq Moldova Prezidenti Mayya Sandu “Politico” nashriga mamlakat yirik harbiy alyansga qo‘shilish uchun betaraflikdan voz kechishi kerak, degan edi.

Gazetada ta’kidlanishicha, Sandu NATOni aynan tilga olmasa-da, bir necha marta fuqarolar Shimoliy Atlantika alyansiga yaqinlashishni ma’qullasa, konstitutsiyadagi betaraflik maqomiga oid bo‘limni o‘zgartirish zarur bo‘ladi, degan.

Moldova konstitutsiyasiga ko‘ra, respublika betaraf maqomga ega, ammo 1994 yildan buyon NATO bilan alohida hamkorlik rejasi doirasida sheriklik qilib kelmoqda.