Toshkent shahar Yashnobod tumanidan o‘tuvchi yer usti metro yo‘nalishi estakadasi ostidagi (umumiy yer maydoni 2,9 gektar) hududda 1200 o‘rinli beshta avtoturargoh hamda poytaxtimizning Sergeli tumanidan o‘tuvchi yer usti metro yo‘nalishi (umumiy yer maydoni 3,37 gektar) hududida jami 2 ming 700 o‘rinli avtoturargoh tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Bu haqda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentlida tashkil etilgan brifingda “Toshkent metropoliteni”  DUK harakat xizmati rahbari Sulton Qodirov ma’lum qildi. Qayd etilishicha, kelgusida  umumiy hisobda 1 ming 700 ta yangi ishchi o‘rinlari yaratiladi.

Davlatimiz rahbarining tegishli qaroriga ko‘ra, bugungi kunda Toshkent metropoliteni “Novza” metro bekatining hududi hisoblangan piyodalar o‘tish yo‘lagida sinov va etalon sifatida savdo shoxobchalarini qurish ishlari amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, metropoliten yo‘lovchilariga sifatli xizmat ko‘rsatish uchun joriy yil davomida metro vagonlari parkini yangilash maqsadida 10 ta harakat tarkiblariga qo‘shimcha vagon qo‘shiladi. 14 ta to‘rt vagonli zamonaviy turdagi yangi harakat tarkiblari foydalanishga topshiriladi. Natijada, metro poyezdlarining harakatlanish jadvalida ko‘rsatilgan intervallarini qisqartirishga erishiladi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA