21 fevral – Xalqaro ona tili kuni
Inson o‘z ona tilida xayol surib, shu til asosida dunyoni taniydi. Go‘daklik chog‘imizda qulog‘imizga singgan alla ham aynan ona tilida aytiladi. Tillar turfa, xilma-xilligi bilan inson ijodining o‘ziga xos ifoda vositasidir. Aloqa, idrok etish va mulohaza yuritish vositasi sifatida til ham dunyoni ko‘z o‘ngimizda tasvirlaydi, o‘tmish, bugun va kelajak o‘rtasidagi bog‘liqlikni aks ettiradi.
Shu bilan birga tillar moddiy va ma’naviy merosimizni asrab-avaylash, rivojlantirishda eng kuchli qurol.
BMT ma’lumotiga ko‘ra, dunyoda 7 mingga yaqin til mavjud bo‘lib, shularning 2.5 mingdan ko‘pi yo‘q bo‘lib ketish arafasida, ya’ni yaqin kelajakda so‘nggi so‘zlashuvchisini yo‘qotishi mumkin. Har ikki haftada muayyan madaniy va intellektual merosni qamrab olgan bir til butunlay yo‘qoladi.
Ona tilining keng tarqalishiga qaratilgan har qanday qadam, nafaqat tillar xilma-xilligi yoki ko‘p tilli ta’limni rivojlantirish, dunyo bo‘ylab til va madaniy an’analar bilan to‘liq tanishtirish, balki o‘zaro tushunish, bag‘rikenglik va muloqotga asoslangan hamjihatlikni mustahkamlashga ham xizmat qiladi.
1999 yil 17 noyabr kuni YUNESKO Bosh konferensiyasining 30-sessiyasi qarori bilan til va madaniy xilma-xillik hamda ko‘p tillilikni targ‘ib qilish maqsadida 21 fevralni Xalqaro ona tili kuni sifatida nishonlash tashabbusi ilgari surildi. 2000 yildan boshlab har yili ushbu sana nishonlab kelinadi.
Bangladesh poytaxti Dakka shahrida 1952 yil 21 fevralda talabalar bengal tilini himoya qilib, ona tili sifatida tan olinishini talab qilib namoyishga chiqqan. Mazkur voqeani xotirlash uchun shu kun tanlangan.
Shu o‘rinda aytish kerak, ona tili har bir insonda tug‘ilgan paytdan boshlab iz qoldirishi bilan o‘ziga xosdir. Inson keyinchalik ko‘plab tillarni o‘zlashtirsa-da, ona tili hech qachon o‘zgarmaydigan narsalar haqida o‘ziga xos tasavvur beradi. Chet tilini o‘rganish dunyoga boshqacha qarash, boshqa yondashuvlar bilan tanishish usulidir.
Har yili ona tili kunini nishonlash doirasida ko‘plab mamlakatlarda ma’lum bir mavzuga bag‘ishlangan, barcha tillarni hurmatlash, targ‘ib qilish va himoyalashga qaratilgan turli tadbirlar o‘tkaziladi. BMT Bosh Assambleyasi o‘z rezolyutsiyasida 2008 yilni Xalqaro tillar, 2010 yilni Madaniyatlarni yaqinlashtirish xalqaro yili, deb e’lon qildi.
Rossiya dunyodagi eng ko‘p tilli davlatlardan biri. Ushbu davlatda 150 dan ziyod til mavjud, 37 tasi davlat tili maqomiga ega.
Tarixiy xotiraning muhim tashuvchisi hisoblangan tilda, xuddi oynadagi kabi, siz o‘tmish aksini, turli madaniyatlar aloqasi va o‘zaro boyitish izini topish mumkin.
“SIL International” xalqaro tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, dunyoda 7 mingdan ortiq til mavjud bo‘lib, atigi 560 tasi davlat yoki ta’lim sohasida faol foydalanilmoqda. Shu bilan birga mavjud bo‘lishi uchun muayyan tilda 100 mingdan ko‘proq kishi gaplashishi kerak. Hozir eng keng tarqalgan va ko‘p ishlatiladigan tillar ingliz, xitoy, rus, fransuz, ispan, hind, portugal va arab tillaridir.
Jahon tillari soni tobora ortmoqda. Fransuz tili umumiy til sifatida e’tirof etilgan XVIII asrdan so‘ng asta-sekin ingliz va nemis tillari, XX asrdan keyin esa rus va boshqa bir necha til jahon miqyosida qo‘llana boshladi. Tilning maqomi BMT, YUNESKO singari xalqaro tashkilotlar, nufuzli konferensiyalarning rasmiy yoki ishchi tili sifatida tan olinishi tufayli yuridik jihatdan mustahkamlanishi bilan belgilanadi. Masalan, ingliz, arab, ispan, xitoy, rus, fransuz tillari BMTning rasmiy va ishchi tili hisoblanadi. Xalqaro tilni ko‘p millatli davlat ichida qo‘llanuvchi, millatlar aro aloqa vositasi hisoblanuvchi tillardan farqlash kerak. Ba’zi tillar ham xalqaro, ham millatlararo til sifatida tan olinishi mumkin. Rus va xitoy tillari shunday maqomga ega.
Xullas, inson qancha ko‘p tilni o‘rgansa, o‘zlashtirsa, shuncha yaxshi. Binobarin, hammamiz, ayniqsa, o‘sib kelayotgan yosh avlod, avvalo, o‘z ona tilini mukammal bilishi, hurmat qilishi lozim.
Go‘zal Sattorova, O‘zA