Mamlakatimizda ta’lim sifatini oshirish borasidagi islohotlarda o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limini yanada takomillashtirish masalalari doimiy e’tiborda bo‘lib turibdi.
Ma’lumki, 2022 yilning sentyabr oyida to‘qimachilik sanoati mehnat bozorida talab qilinadigan quyidagi 6 ta kasb uchun professional standartlarni ishlab chiqish bo‘yicha loyihaning dastlabki komponenti ishga tushirilgan edi. Bular tikuvchi, ip yigiruvchi, tikuvchilikda andozalar tayyorlovchi, elektron texnikalarini sozlovchi, to‘qimachilik korxonalari qurilmalari montajchisi, to‘qimachilik sohasida texnik-texnolog kasblarini o‘ziga qamraydi.
Pedagogik innovatsiyalar, kasb-hunar ta’limi boshqaruvi hamda pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish institutida loyihaning ikkinchi komponenti, ya’ni yuqorida nomi keltirilgan 6 ta kasb bo‘yicha kasbiy standartlar asosida ta’lim dasturlarini yaratish loyihasi ishga tushirilishiga bag‘ishlangan vorkshop tashkil etildi.
Ushbu tadbirni tashkil etishdan ko‘zlangan maqsad hamkor tashkilot vakillari hamda loyiha ishtirokchilari bilan O‘zbekistonda professional standartlarni ta’lim dasturlariga tatbiq etish yo‘llari haqida yanada chuqurroq tushunchaga ega bo‘lishdan iboratdir.
Vorkshop davomida loyihaning birinchi komponenti doirasida ishlab chiqilgan 6 kasb bo‘yicha professional standartlar asosida ta’lim dasturlari va o‘quv rejalarini ishlab chiqish, yangilash bo‘yicha ishchi guruhlar shakllantirildi. Shuningdek, loyiha ikkinchi komponentini amalga oshirish uchun guruh a’zolari bilan birgalikda ish rejasi tuzildi.
Loyiha rivoji uchun tegishli kasblarning tanlangani ham bejiz emas. Zero, aynan ushbu kasblarga bugungi kunda mehnat bozorida va ishlab chiqarish jarayonida talab va ehtiyoj katta bo‘lmoqda. Yangi o‘quv rejalarining ishlab chiqilishi esa muayyan soha bo‘yicha ko‘nikma, malaka va bilimlarni egallashga imkon berishi bilan ahamiyatlidir.
Tadbirda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, «O‘zto‘qimachiliksanoat» va «O‘zcharmsanoat» uyushmalari, Savdo-sanoat palatasi, Mehnat bozorini o‘rganish instituti, Pedagogik innovatsiyalar instituti, To‘qimachilik korxonalarining kasbiy malaka bo‘yicha tarmoq kengashlari, ekspertlar va boshqa mahalliy muassasalar vakillari ishtirok etdi.
Aytish kerakki, loyihaning ushbu komponentlari kasb-hunar ta’limi va ta’lim tizimini modernizatsiya qilish orqali to‘qimachilik sanoatini O‘zbekiston iqtisodiyotining eng yetakchi va rivojlangan tarmoqlaridan biriga aylantirishni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Loyiha, shuningdek, to‘qimachilik sanoatida yosh mutaxassislarni o‘qitish va shu orqali yosh mutaxassislarni ish bilan ta’minlash va ularning kelgusi yillarda barqaror daromad olishiga hissa qo‘shadi.
N.Usmonova,
O‘zA muxbiri