Ma’lumki, bundan 10 yil oldin AI-80 benzining narxi 1020 so‘m bo‘lgan. bugungi kunda AI-80 benzining narxi 6-7 ming atrofida. Benzin narxining bu darajada oshishi sababi nimada?

Iqtisodiyot fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent Shoxjahon Elmurodov bunga kuyidagicha javob berdi.

– AI-80 benzini o‘zimizda ishlab chiqariladi. Ilgari benzin ishlab chiqarish hajmi yuqori bo‘lgan va avtomobillar soni bilan solishtiradigan bo‘lsak, yetarli miqdorda ishlab chiqarilgan. Shuning uchun arzonroq narxda sotilgan. Hozirgi kunda avtomobillarning soni oshganligi benzin narxining oshishiga olib kelgan. Shuningdek, bizda ishlab chiqarilayotgan mashinalarning benzin iste’moli juda yuqori.

Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yilning yanvar-noyabr oylarida O‘zbekistonda avtomobil benzini ishlab chiqarish hajmi 1,1 million tonnadan oshgan.

Xorijiy davlatlarda avtomobil xarid qiluvchilar ikkita narsaga e’tibor beradi: avtomobilning ot kuchi bilan uning benzin iste’moliga. Shuni ham aytish joiz, chet elda ishlab chiqarilgan avtomobillarning benzin iste’moli 4-5 litr atrofida. Ba’zilari undan ham kam. Hozirda xorijda elektromobillarga talab oshgan. O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan avtomobillar xususan, “Gentra”, “Cobalt” shunga o‘xshash avtomashinalarning benzin iste’moli 12-13 litrni tashkil etadi. Benzin iste’mol hajmi ko‘p bo‘lyaptimi, o‘z-o‘zidan benzin narxi oshishiga sabab bo‘ladi.

Benzin hajmini kamaytirish uchun benzin kam sarflaydigan mashinalar ishlab chiqarish kerak.

Buni solishtiradigan bo‘lsak, chet elda benzin narxi qimmat. Ammo ularning oladigan ish haqi bunga imkoniyat beradi. Misol uchun, xorijliklar bir kun ishlab topadigan pulga avtomobiliga 2 marotaba to‘liq benzin quyishi mumkin. Biroq, O‘zbekistonda bunaqa qilishning imkoni yo‘q.

O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan ko‘pchilik mashinalar AI-80 benzinida kutganingizdek harakatlana olmaydi. Ularga AI-95, AI-92 benzinlaridan xarid qilishingiz kerak. Bu benzinlarning narxi esa 10-11 ming so‘mni tashkil etadi. Bu yoqilg‘iga ketayotgan xarajat yuqoriligini anglatadi. Xarajatlar oshib ketadi.

Agar benzin hajmini kamaytirish uchun innovatsiyaga pul ajratilsa yoki yoppasiga elektormobil ishlab chiqarishga o‘tilsagina bunga yechim topiladi.

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA