Prezident Shavkat Mirziyoyev Jizzax viloyati faollari va mutasaddilar bilan hududda sanoatni rivojlantirish istiqbollari va boshqa dolzarb masalalarni muhokama qildi.

Unda ma’lum qilinishicha, Jizzax elektr tarmoqlaridagi yo‘qotishlar qariyb 21 foizni tashkil etadi. Bu – respublikadagi eng yuqori ko‘rsatkichdir.

Shu bois, mas’ullar zimmasiga 2023 yilda yo‘qotishlarni 14 foizgacha tushirish va buning hisobiga 57 million kilovatt soat elektrni tejash vazifasi qo‘yildi.

Shu bilan birga, o‘tgan ikki oyda viloyatda 400 dan ziyod noqonuniy ulanish va o‘g‘irliklar sodir etilgani, elektrdan 231 milliard so‘m va gazdan 59 milliard so‘m debitor qarzdorlik mavjudligi, 540 million kub metr gazning iste’molchilari aniqlanmagani tanqid qilindi.

Bu kabi salbiy holatlarni qat’iy nazoratga olib, energiya resurslarini talon-toroj qilishga chek qo‘yish, Majburiy ijro byurosi qarzdorlikni keskin kamaytirish choralarini ko‘rishi kerakligi ta’kidlandi.

Viloyatda 4 mingdan ziyod korxonani energiya samaradorligini oshirish orqali 30 million kilovatt soat elektrni tejash zarurligi, bu orqali, viloyatda jami 145 million kub metr gaz tejalishi aytildi. Ma’lumot uchun viloyatda 2022 yilda jami gaz iste’moli 1 milliard kub metrni tashkil qilgan.

Umuman, Jizzax viloyatida energiya tanqisligini to‘liq qoplash va yangi quvvatlarni ishga tushirish zarurligi aytildi.

O‘zA