Prezident Shavkat Mirziyoyev Jizzax viloyati faollari va mutasaddilar bilan hududda sanoatni rivojlantirish istiqbollari va boshqa dolzarb masalalarni muhokama qilmoqda.

Ma’lum qilinishicha, viloyatda elektr yetishmovchiligi 2022 yilda 123 million kilovatt soatga yetdi, 2023 yilda bu raqam 156 million kilovatt soat bo‘lishi kutilmoqda. Viloyatda kamida 2 ming Megavatt qayta tiklanuvchi energiya manbalar uchun salohiyat bor.

Shundan kelib chiqib, Jizzaxda 2023 yilda 270 Megavatt quyosh energiyasi quvvatlari ishga tushiriladi va shuning hisobiga 236 million kilovatt soat ishlab chiqarilib, tanqislik ortig‘i bilan qoplanadi. Ma’lumot uchun, 156 million kilovatt soat tanqislik kutilayotgan edi. Buning hisobiga, jami 71 million kub metr gaz tejaladi.

Jumladan, G‘allaorolda Birlashgan Arab Amirliklarining “Masdar” kompaniyasi 200 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyasi hisobidan, 220 Megavattli yirik quyosh stansiyasi ishga tushiriladi va bu yil 60 million kilovatt soat elektr ishlab chiqariladi. Kelgusi yilda bu stansiya to‘liq quvvatga chiqib, 500 million kilovatt soat elektr olinadi va viloyat ehtiyojining 20 foizini qoplaydi.

Ijtimoiy soha va davlat idoralari binolarida 5 Megavattli quyosh panellari o‘rnatilishi hisobiga, 2023 yilda 5 million kilovatt soat ta’minlanadi.

Buning uchun, banklar ishtirokida alohida Kompaniya tashkil qilinyapti. Jizzaxda bu kompaniya 5 million dollar hisobiga, 250 ta binoda quyosh panellari o‘rnatib, “yashil energiya” bilan ta’minlaydi. Sanoat zonasi va tadbirkorlar binolarida 15 Megavattli quvvatlar joylashtiriladi.

Buning uchun, tadbirkorlarga banklar tomonidan 100 milliard so‘m kredit resurslari ajratiladi.

Aholi xonadonlariga 8 Megavattli qayta tiklanuvchi energiya manbalarini o‘rnatish uchun, aholi o‘z xonadonida panel o‘rnatib, ehtiyojidan ortgan har bir kilovati davlat tomonidan 1 ming so‘mdan sotib olinadi. Bu tarif hozirda 295 so‘mni tashkil etmoqda.

“Tadbirkorlarning o‘z ehtiyojlari uchun 5, 10, 15 Megavattli quyosh stansiyalari qurish tashabbuslarini ham qo‘llab-quvvatlaymiz. Bu orqali, 2023 yilda 30 Megavatt quvvatlar yaratiladi va 28 million kilovatt soat elektr ishlab chiqarilad”, dedi davlat rahbari.

2023 yilda Zafarobodda jami 2 Megavattli 2 ta kichik GES qurilib, bu yil 2,4 million kilovatt soat elektr ishlab chiqarishi aytildi.

Viloyatdagi 10 ming kilometr irrigatsiya tarmoqlari va kanallari salohiyatidan foydalanib, viloyatda yana 3 Megavatt quvvatli mikro GESlar qurish harakatlari boshlanadi.

Ma’lum qilinishicha, Osiyo taraqqiyot banki bilan birga, Forishda 150 Megavattli yirik quyosh stansiyasi loyihasi boshlanadi. Ushbu stansiya to‘liq quvvatga chiqqanda, 370 million kilovatt soat elektr ishlab chiqaradi. Jizzax shahrida 2023 yilda bir vaqtning o‘zida ham issiqlik, ham elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi “Ko-generatsiya” markazi quriladi. Uning umumiy quvvati 14 Megavatt bo‘lib, to‘liq ko‘mirda ishlaydi. Bu orqali, 60 ta ko‘p qavatli uylar issiqlik bilan ta’minlanadi, 35 million kilovatt soat elektr ishlab chiqariladi. Natijada 36 million kub metr gaz tejaladi.

Shuningdek, muhokama davomida 123 ta bog‘cha, 199 ta maktab, 35 ta tibbiyot muassasasining isitish tizimlarini ko‘mirga o‘tkazib, 4 million kub metr gazni tejash zarurligi aytildi.

O‘zA