Avval xabar berganimizdek, Qozog‘iston Respublikasining Turkiston shahrida Markaziy Osiyo davlatlarining birinchi parlamentlararo forumi bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva boshchiligidagi delegatsiya ham ishtirok etdi.

Forum ishtirokchilariga Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari qutlov so‘zlarini yo‘lladi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning forum ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigini Senat Raisi T.Norboyeva  o‘qib eshittirdi.

Forumda Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida strategik hamkorlikni mustahkamlash va ushbu jarayonda parlamentlarning rolini yanada oshirishga doir masalalarga alohida e’tibor qaratildi.

O‘zbekiston Prezidentining tashabbusi asosida mintaqa davlatlarining yetakchilari o‘rtasida olib borilayotgan o‘zaro ishonchga asoslangan faol siyosiy muloqotlar izchillik kasb etmoqda. Bu Markaziy Osiyo davlatlari birdek manfaatdor bo‘lgan tinchlik-osoyishtalik, xavfsizlik, chegaraviy masalalar, shuningdek, iqtisodiyot, investitsiya, turizm, madaniyat, sog‘liqni saqlash va ekologiyaga oid mintaqaviy hamda xalqaro ahamiyatga molik masalalar yuzasidan muhim tashabbus va qarorlarning qabul qilinishiga zamin yaratmoqda.

Forumda bu borada parlament diplomatiyasining o‘rni va ahamiyati tobora ortib borayotgani qayd etildi. Ayniqsa, global tahdidlar kuchayib borayotgan hozirgi sharoitda qardosh va o‘zaro do‘st xalqlar parlamentlarining sa’y-harakatlarini birlashtirish, ularning salohiyatidan yanada kengroq foydalanish har qachongidan ham muhim ahamiyatga ega.

Aynan shu yo‘nalishda O‘zbekiston Respublikasining parlament diplomatiyasi konsepsiyasining qabul qilingani o‘zining ijobiy samarasini bermoqda.

O‘zbekiston parlamenti delegatsiyasi rahbari o‘z so‘zida o‘zaro manfaatli hamkorlikni jadal rivojlantirishga qaratilgan ishlar parlament a’zolari zimmasiga katta mas’uliyat yuklashini qayd etdi.

Xalqaro siyosatdagi yuqori turbulentlik sharoitida va jahon iqtisodiyotida inqirozli hodisalarning kuchayishi fonida parlamentlarning sa’y-harakatlarini birlashtirish, muammolarni birgalikda hal etishga bo‘lgan ehtiyoj tobora ortib bormoqda.

Forumning yo‘lga qo‘yilishi esa ana shunday hayotiy talablarni qondirish bilan bir qatorda mintaqaviy hamkorlikni yanada mustahkamlashga hissa qo‘shadi.

– Mintaqa davlatlari parlamentlarining samarali muloqoti bo‘yicha yo‘lga qo‘yilgan mazkur yangi platforma doirasida qonun chiqaruvchi organlar o‘zaro hamkorligining huquqiy asoslarini mustahkamlash borasidagi ishlarni yanada faollashtirish kerak. Shuningdek, milliy qonunchilik asoslarini o‘zaro uyg‘unlashtirish bo‘yicha qonunchilik normalarini chuqur tahlil qilish hamda takomillashtirish maqsadga muvofiq, – deya ta’kidladi T. Norboyeva.

Forumda umumiy tarixiy va madaniy merosga asoslangan madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirishda parlament a’zolarining ishtirokini yanada kuchaytirish masalalari ham muhokama markazida bo‘ldi.

Forum ishtirokchilari ikki va  ko‘p tomonlama munosabatlarni rivojlantirishda turli forumlar, madaniy tadbirlarni o‘tkazish, xalqlarimizni bir-biri bilan yanada jipslashtirishga xizmat qiluvchi turizm yo‘nalishlari bo‘yicha hamkorlikdagi loyihalarni amalga oshirish yuzasidan o‘zaro fikr almashdi.

O‘zA