Bu haqida Qashqadaryo viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi axborot berdi.

Qarshi Temir yo‘l ichki ishlar bo‘limidan olingan ma’lumotga ko‘ra, joriy yilning 9 fevral kuni soat taxminan 07:05 larda Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tuman hududi “Oqrabod-Chashmaixafizon” temir yo‘li Toshkent-Termiz yo‘nalishining 103-kilometrida ko‘chki hodisasi sodir bo‘lgan. Temir yo‘l qismining o‘ng tomonidan hajmi taxminan 1,5 million metr kub ko‘chki massasi siljishi natijasida temir yo‘lning 50 metr qatnov qismini ko‘chki massalari yopib qolgan.

Voqea joyiga vaziyatni o‘rganish va hodisa oqibatlarini bartaraf etishni tashkillashtirish uchun Qarshi mintaqaviy temir yo‘l uzeli unitar korxonasining(QMTYU UK) boshlig‘i M.Mirzayev, viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik F.Mirzayev hamda tuman sektor rahbarlari chiqishgan.

Hozirda sodir bo‘lgan ko‘chki hodisalarini bartaraf etish shtabi tashkil etilib, avariya-tiklash ishlari olib borilmoqda.

Avariya-ta’mirlash tiklash ishlariga QMTYU UK dan 100 DAN ortiq ishchi xizmatchilar, viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasidan 50 nafar qutqaruvchilar va 20 ga yaqin maxsus texnikalar jalb qilingan.

Ko‘chki oqibatida bino inshootlarga zarar yetmagan, jarohat olganlar yo‘q.

 

O‘lmas Barotov, O‘zA.