Vayronkor zilziladan so‘ng Arabiston tektonik plitasi Turkiya joylashgan Anadolu plitasiga nisbatan janubi-g‘arbga qarab, taxminan, 3 metr siljigani taxmin qilinmoqda. Italiya Milliy geofizika va vulqonshunoslik instituti rahbari Karlo Doglionining fikricha¸bu yakuniy hisob emas.
Professor so‘zlariga ko‘ra, silkinish Anadolu va Arab litosfera plitalari tutashgan joyda qayd etilgan. Anadolu plitasi yer qobig‘iga nisbatan ham, Yevrosiyo va Arabiston plitalariga nisbatan ham janubi-g‘arbiy yo‘nalishda harakat qilmoqda.
– Aslida, ushbu sahn har kuni bir necha mikron siljiydi, ammo yil oxiriga kelib, o‘zgarish bir necha santimetrni tashkil etdi, – dedi olim.
Doglioni 6 fevral kuni Turkiyada yuz bergan eng kuchli zilzila epitsentriga e’tibor qaratdi. Aniqlanishicha, o‘nlab yillar davomida energiya to‘plangan bu nuqta endi energiyani ushlab turishga qodir emas. Shu sababli Anadolu plitasi harakati fonida energiya ajralib chiqishi jarayoni tugaguncha, hodisa ham to‘xtamasligi mumkin.
Professor ta’kidlashicha, hali Anadolu plitasi qay tarzda o‘zgargani haqida yorqin tasavvur berish qiyin. Sun’iy yo‘ldosh ma’lumoti olingandan keyingina aniq ko‘rsatkich paydo bo‘ladi. Hozir faqart seysmik ma’lumotni invertatsiya qilish yordamida siljish o‘lchanadi.
– Bizning xulosamiz va AQSH Geologiya xizmatining dastlabki hisob-kitobiga ko‘ra, ushbu segment bo‘ylab surilish 3 metr. Keyin yoriq tarqalib, siljish davom etgan, – deya qo‘shimcha qilgan institut rahbari.
O‘zA