Turkiyada zilziladan jabr ko‘rganlarga boshpana ajratayotgan mehmonxonalar soni kundan kun ko‘paymoqda. Bir kun avval shunday mehmonxonalar soni 220 taga yetgan edi, keyingi kuni otelz.com saytida mamlakatning turli shaharlarida 535 ta mehmonxona o‘z xonalarini taklif etayotgani haqida xabar e’lon qilindi.
Masalan, Istanbuldan 65 ta, Antaliyadan 53 va Anqaradan 37 ta mehmonxona o‘z nomerlarini jabrlanganlarga bepul berishini ma’lum qilgan. Umuman, ajratilgan xonalar soni bir kunda 1 ming 200 tadan 2 ming 226 taga yetdi. Boshpanasiz qolganlarga bepul nomer taklif etayotgan mehmonxonalar soni kundan kunga ortmoqda, deb yozmoqda AZERTAJ agentligi xorijiy ommaviy axborot vositalari xabariga tayanib.
Har bir mehmonxonaga o‘rtacha 15-20 ta bo‘sh nomerlar to‘g‘ri kelmoqda. Biroq bu raqamlar onlayn rejimda o‘zgarib turibdi, chunki joylar muntazam ravishda to‘lib bormoqda, ammo mazkur loyihaga yangi-yangi tadbirkorlar qo‘shilmoqda va o‘z mehmonxonasidan joy ajratmoqda, deyiladi xabarda.
Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anning bayonot berishicha, zilziladan jabr ko‘rganlarni joylashtirish uchun Antaliyada qish uchun zaxiraga olib qo‘yilgan mehmonxona nomerlaridan 50 mingtasi tayyor holga keltirilgan.