2023 yil 9 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri v.b. Baxtiyor Saidov bilan Vengriya tashqi ishlar va savdo vaziri Peter Siyyarto o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Ikki davlat TIV rahbarlari O‘zbekiston – Vengriya kun tartibining dolzarb masalalarini muhokama qildilar, oliy darajadagi muzokaralar doirasida erishilgan kelishuvlar ijrosini ko‘rib chiqdilar.
Vazirlar iqtisodiy diplomatiyani faol ilgari surish, tovar ayirboshlash hajmini oshirish va diversifikatsiya qilish, farmatsevtika, innovatsiyalar, qishloq xo‘jaligi, mashinasozlik, to‘qimachilik sanoati, energetika va boshqa sohalarda qo‘shma loyiha va dasturlarni amalga oshirish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlarni davom ettirish muhimligi to‘g‘risida kelishib oldilar.
Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida muntazam ravishda ikki tomonlama maslahatlashuvlarni tashkil etish zarurligi qayd etildi.
Tomonlar O‘zbekiston va Vengriyaning xalqaro tashkilotlar va moliya institutlari doirasidagi o‘zaro hamkorligi masalalarini muhokama qildilar.
Shuningdek, parlamentlararo muloqotni mustahkamlash, turizm sohasidagi aloqalarni chuqurlashtirish, fan-ta’lim sohasida sheriklikni kengaytirish yuzasidan fikr almashildi.
Saidmurod RAHIMOV, O‘zA