O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov Sloveniya Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – tashqi ishlar vaziri Tanya Fayon bilan muzokara o‘tkazdi. Uchrashuvda savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport va logistika, sanoat kooperatsiyasi sohalaridagi hamkorlikning bugungi holati va istiqboli muhokama qilindi.

Sloveniya tomoni mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samaradorligini e’tirof etib, o‘zaro sheriklikni faollashtirish strategik ahamiyatga ega ekanini qayd etdi. Shu nuqtai nazardan kuni kecha O‘zbekiston va Sloveniya o‘rtasida iqtisodiy hamkorlik to‘g‘risida bitim imzolangani ayni muddao. Ushbu hujjat ikki davlat o‘rtasidagi munosabatni yanada rivojlantirish uchun mustahkam asosdir.

Boshqa ijobiy omillar qatorida O‘zbekiston Yevropa Ittifoqining GSP+  preferensiyalar tizimi benefitsiari maqomidan faol foydalanayotgani sababli 2022 yil 40 foiz oshgan tovar ayirboshlash miqdori yuqori o‘sish sur’atini namoyon qilgan. Tomonlar ushbu maqomni mustahkamlash chorasini ko‘rish bo‘yicha o‘zbek eksportyorlariga zarur yordam ko‘rsatishga kelishib oldilar.

Doimiy ravishda qo‘shma biznes-forumlar, “O‘zbekistonda va Sloveniyada ishlab chiqarilgan” ko‘rgazmalarini tashkil etish orqali investitsiyaviy hamkorlikni, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish istiqboli ham muhokama qilindi. Energetika, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik va farmatsevtika sanoati, infratuzilma qurilishi, axborot texnologiyalari sohalari qo‘shma loyihalar amalga oshirishning ustuvor yo‘nalishlari sifatida belgilandi.

Muloqot davomida transport va logistika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish imkoniyati ham ko‘rib chiqildi. Xususan, Sloveniya delegatsiyasi rahbari poytaxtlarimiz aro charter va muntazam havo qatnovini yo‘lga qo‘yish taklifini kiritdi. Ushbu yo‘nalishdagi keyingi amaliy qadamlarni muhokama qilish uchun aviatsiya idoralari o‘rtasida onlayn maslahatlashuv o‘tkazishga kelishib olindi.

Muzokara yakunida tomonlar erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishni jadallashtirish, shuningdek, Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Sloveniya hukumatlararo komissiyasini tashkil etish tashabbusini qo‘llab quvvatladilar.

O‘zA