Bundan bir yil avval, 2022 yil 27 aprelda Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlarning konstitutsiyaviy nazorat organlari tomonidan qabul qilingan “Istanbul deklaratsiyasi”da konstitutsiyaviy tuzumni mustahkamlash, inson huquq va erkinliklari, adolat va qonun ustuvorligi kabi eng muhim prinsiplarni ta’minlashda konstitutsiyaviy sudlarning o‘zaro hamkorligini yo‘lga qo‘yish ezgu maqsadi bildirilgan edi.

Turkiy davlatlar konstitutsiyaviy sudlari boshlagan say’-harakatlarining mantiqiy natijasi o‘laroq, 2022 yil 24 dekabrda o‘zaro hurmat va sudlar mustaqilligi tamoyiliga tayangan holda, qardosh davlatlar konstitutsiyaviy sudlari tomonidan konstitutsiyaviy odil sudlov va qonunchilik amaliyotiga oid tajriba almashish hamda o‘zaro manfaatli masalalarni birgalikda muhokama qilish, bunda dini, tili va dili bir qarodosh xalqlarning madaniy va ma’naviy merosidan foydalanish imkoniyatlarini oshirishga xizmat qiluvchi Turkiy dunyo konstutsiyaviy yurisdiksiyalari konferensiyasi (TURK-AY) o‘zaro xalqaro hamkorlik organi ta’sis etildi. 

O‘zbekiston delegatsiyasi tomonidan ta’sis anjuman ishtirokchilariga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli, dadil islohotlar berayotgan yuksak samaralar, Yangi O‘zbekiston Taraqqiyot strategiyasi – inson qadri ulug‘langan xalqchil dasturimizning mazmun-mohiyati to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan boshlangan O‘zbekistonning dunyoga ochiqlik bo‘yicha yangi siyosati davlatimizning jahon hamjamiyati bilan hamkorlik aloqalarini kengaytirish, jahon hamjamiyatidagi nufuzining oshishi, xalqimiz farovonligining yuksalishi, mamlakatimizda inson huquqlarining yanada keng ko‘lam va miqiyosda ta’minlashda muhim omil bo‘lmoqda. Buni O‘zbekistonning Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT), Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT), Jahon banki, Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT), Islom taraqqiyot banki (ITB), Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (IHT), Turkiy kengash, Xalqaro migratsiya tashkiloti (XMT) kabi nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar bilan manfaatli hamkorlik yo‘lga qo‘yilganini ko‘rish mumkin.

Turkiy dunyo konstutsiyaviy yurisdiksiyalari konferensiyasi ta’sis anjumanida alohida ta’kidlanganidek, keyingi yillarda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining xorijiy davlatlar konstitutsiyaviy nazorat institutlari va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni mustahkamlash, o‘zaro muloqotni rivojlantirish, o‘zaro manfaatli dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirish borasidagi faolligi muttasil oshib bormoqda.

Zero, Konstitutsiyaviy sudning xalqaro faoliyatidagi eng asosiy yo‘nalishlardan biri konstitutsiyaviy odil sudlov masalalariga ixtisoslashgan xalqaro tashkilotlarda va unga bog‘liq jarayonlarda O‘zbekiston Respublikasining vakilligini ta’minlash, do‘stona mamlakatlar va hamkor davlatlarning konstitutsiyaviy sudlari bilan hamkorlikni mustahkamlashdan iboratdir.

Davlatimiz rahbari tomonidan eng yuksak demokratik tamoyillar asosida izchillik bilan yuritilayotgan ichki va tashqi siyosat dunyo hamjamiyatining yuksak e’tirofiga sazovor bo‘lmoqda. Bu borada davlat organlarining tegishli xalqaro tuzilmalar, sohaviy tashkilotlar bilan hamkorlik uchun eshiklari keng ochilganini alohida ta’kidlash zarur. Binobarin, Konstitutsiyaviy sud ham o‘zining xalqaro munosabatlari faoliyati doirasida konstitutsiyaviy odil sudlov sohasidagi dolzarb masalalar bo‘yicha o‘zaro fikr almashish va ilg‘or tajribalarni o‘rganishga yo‘naltirilgan konferensiya va seminarlar o‘tkazishga, bu orqali sud-huquq islohotlari, konstitutsiyaviy odil sudlov samaradorligini oshirishga doimiy e’tibor qaratmoqda. Ayni paytda, Konstitutsiyaviy sudning vakillari konstitutsiyaviy qonunchilik mavzusiga bag‘ishlangan ko‘plab mahalliy va xalqaro tematik seminar va konferensiyalarda faol qatnashmoqda.

bugungi kunda Konstitutsiyaviy sudlar dunyoning yetmishdan ziyod davlatida faoliyat yuritib kelmoqda. Ushbu zamonaviy huquqiy institut Yevropa, Lotin Amerikasi va MDHda keng tarqalgan. Ularning ko‘plab tuzilmalar orqali o‘zaro hamkorlik munosabatlari yo‘lga qo‘yilgan. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sud hozirgi davrda Konstitutsiyaviy odil sudlov bo‘yicha Butunjahon konferensiyasi (WCCJ), Osiyo Konstitutsiyaviy sudlari va ekvivalent institutlari assotsiatsiyasi (AACC), Yevropa Kengashi “Venetsiya komissiyasi”, Yevrosiyo konstitutsiyaviy nazorat organlari assotsiatsiyasi, Islom hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlarning konstitutsiyaviy yurisdiksiyalari (CCJ-I) kabi bir qator xalqaro va mintaqaviy ixtisoslashgan tashkilotlarning ishlarida faol ishtirok etib kelmoqda. Shu bilan birga, Markaziy Osiyo davlatlari konstitutsiyaviy sudlari bilan bevosita aloqalar yo‘lga qo‘yilgan.

Hozirgi kunda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi konstitutsiyaviy yurisdiksiya sohasidagi Konstitutsiyaviy odil sudlov bo‘yicha butunjahon konferensiyasi, Osiyo Konstitutsiyaviy sudlari va ekvivalent institutlari assotsiatsiyasi, Yevrosiyo konstitutsiyaviy nazorat organlari assotsiatsiyasi kabi uchta xalqaro tashkilotning a’zosi. Endilikda ular soni yana bittaga ko‘paydi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi Turkiy dunyo konstutsiyaviy yurisdiksiyalari konferensiyasi (TURK-AY) ning ta’sischilaridan biri bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining ushbu xalqaro konferensiya (TURK-AY) ga a’zo bo‘lishi Konferensiya a’zolari o‘rtasida konstitutsiyaviy odil sudlovni amalga oshirishga oid o‘z ish uslublari va konstitutsiyaviy nazoratning sud amaliyoti to‘g‘risida o‘zaro axborot almashish, shuningdek, davlat huquqi va konstitutsiyaviy odil sudlov sohasidagi institutsional, tarkibiy va boshqa masalalar bo‘yicha fikr almashishni ta’minlashga xizmat qiladi.

Bundan tashqari, konstitutsiyaviy-huquqiy tadqiqotlar, shuningdek, konstitutsiyaviy sud hokimiyati bilan bog‘liq tadqiqotlar bo‘yicha davriy nashrlar chiqarish, konstitutsiyaviy sud-huquq sohasida mualliflik yoki tarjima nashrlarni rag‘batlantirish, zarur deb topilgan konstitutsiyaviy masalalar bo‘yicha milliy, mintaqaviy va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratadi. Konferensiya Turkiy davlatlar Yevropa konstitutsiyaviy sudlari va unga tenglashtirilgan organlar o‘rtasida barqaror aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlaydi. Bu borada zarur deb topilgan konstitutsiyaviy masalalar bo‘yicha milliy, mintaqaviy va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi.

Xalqaro anjuman ishida ishtirok etgan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi Raisi M.Abdusalomov aytib o‘tganidek: “Turkiy davlatlar konstitutsiyaviy sudlari konferensiyasining tashkil etilishi mamlakatlarimiz uchun ulkan ahamiyatga ega. Zero, Konferensiya kelgusida inson huquqlarini himoya qilish, adolat tamoyillarini ro‘yobga chiqarish, qonunchilikni demokratlashtirish, Konstitutsiyaviy sudlar nufuzini yanada oshirishga ko‘maklashish sohasida sudlar o‘rtasidagi do‘stona hamkorlikning yanada mustahkamlanishiga zamin yaratadi. Biz uchun, Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi asosida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni xalqaro andozalarga moslashtirishda yana bir muhim vosita bo‘lib xizmat qiladi”.

Shu o‘rinda aytish kerakki, 2021 yil 27 aprelda konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritishni demokratlashtirish, konstitutsiyaviy nazorat samaradorligini, shuningdek Konstitutsiyaviy sudning mustaqilligini oshirishga qaratilgan qoidalarni o‘z ichiga olgan “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi yangi Konstitutsiyaviy qonun qabul qilindi. Mazkur Qonunning qabul qilinishi mamlakatimizda keng qamrovli demokratik islohotlar, inson huquqlari va qonunchilikni erkinlashtirish g‘oyalariga muvofiq keladi va konstitutsiyaviy odil sudlovni rivojlantirishga xizmat qiladi.

Bir so‘z bilan aytganda, Respublikamizda inson huquqlarini himoya qilishda O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligini demokratlashtirish, shuningdek, Konstitutsiyaviy sud va sudyalarining mustaqilligini ta’minlashga qaratilgan muhim ishlar amalga oshirilmoqda.

Zero, Insonga e’tibor, avvalo, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini munosib himoya qilish hamda normativ-huquqiy hujjatlarni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqligini ta’minlashdan boshlanadi. Bunda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining alohida o‘rni bor.


ABDUMANNOB RAXIMOV, AKMAL RAXMANOV 

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi sudyalari