Jurnalistika muammolariga bag‘ishlangan Moskva xalqaro konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda taniqli siyosatchilar, davlat arboblari qatnashdi. Xususan, ishtirokchilardan biri Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning sobiq maslahatchisi, hozirda Rossiya mediaindustriya Akademiyasi rahbari, siyosatshunos, professor Yevgeniy Duginning fikrlari bilan qiziqdik.
– O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy-ijtimoiy islohotlarning qaysi jihati sizda alohida taassurot qoldirdi?
– Birinchidan, O‘zbekistonda tadbirkorlarga erkinlik berilishi natijasida so‘nggi besh yil mobaynida iqtisodiy yuksalish ro‘y berdi. Ikkinchidan, hokimiyatga ishonch har qanday muammoni hal qiluvchi omildir. Mamlakatingizda tadbirkor ham, boshqa soha vakillari ham davlatga ishonadi. Menga O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan tashkil etilgan Xalq qabulxonalari tizimi yo‘lga qo‘yilgani ma’lum. Xalq qabulxonasi – xalq demokratiyasining ma’no va mohiyati degani. Inson, u uzoq qishloqda yashaydimi yoki shahardami, uning xalq qabulxonasiga kelib bildirgan fikri inobatga olinadi. Bu muloqot demokratiyasining shaklidir. Unga ko‘ra odamlar, ya’ni xalq o‘z muammo va mulohazasini bildiradi, yig‘ilgan taklif va istaklar umumlashtiriladi, tahlil qilinadi. Keyin esa u xalq turmush tarzi, mamlakat rahbariyati uchun qonunga aylanadi. Ya’ni Prezident xalq bildirgan taklif va talab asosida qonun qabul qilinishini ta’minlaydi. Tegishli farmonlar chiqaradi. Eng e’tiborli holat, bu – qonun va farmonlar xalq istagi sifatida qabul qilinadi. Bundan shunday xulosa chiqadiki, odamlar endi o‘zlari istagan qonunlar asosida yashaydi. Prezident esa xalq idorasini yanada kuchaytirib, buni o‘z farmonlarida aks ettiradi.
Men Rossiya Federatsiyasi Federal majlisining Federatsiya Kengashi raisi Valentina Matviyenko huzuridagi ekspertlar kengashi a’zosiman. Kengash qonunlar hayotga qanchalar tatbiq etilayotganini o‘rganadi. Ammo bu qonunlar xalqdan kelib chiqqan, deya olmayman. O‘zbekistondagi holatda esa to‘g‘ridan-to‘g‘ri xalq demokratiyasi shakli yaratilgan. Men O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni haqiqatdan ham xalq demokratiyasini qaror toptira olgani bilan qutlayman. Bu har qanday davlat rahbari uchun yuksak sharaf.
Muhammadjon OBIDOV